Ilk ignani kim yasagan?
Igna — bu, bir uchi nihoyatda o’tkir, ikkinchi uchida ip o’tkazilishiga xizmat qiladigan teshikchasi bo’lgan judayam mayda moslama. Odamzotning ignani kashf etganiga ko’p zamonlar bo’lganki, biz endilikda uning qachon va kim tomonidan ixtiro qilinganini aniq aytib bera olmaymiz. Bizga dastlabki ignalar suyakdan, fil suyagidan, bronza yoki shoxdan yasalgani ma’lum. Ulardan ba’zilari hoynahoy etikdo’zlar ishlatadigan bigizni eslatgan, chunki bunday ignalarda hali teshikcha yo’q edi. Ular turli matolarda xol-teshik hosil qilish uchun ishlatilgan. Baliq va qush suyagidan yaxshi ishlov berib yasalgan ignalar tosh asri buyumlari orasida topilgan. Mingyilliklar davomida quloqchali ignalar ancha taraqqiy topgan xalqlar tomonidan ishlatilib kelindi. Qadimgi Misr vayronalarida hatto toshdan yasalgan ignalar topilgandi. Rimliklarga bronza va temir ignalar ma’lum bo’lgan. Pompeydagi qazish ishlari paytida ko’plab durustgina ishlangan ignalar topilgan. Hozirgilariga o’xshash bo’lgan po’lat ignalar ilk daf’a, taxmin qilishlaricha, xitoyliklar tomonidan yasalgan. Ular mavrlar tomonidan Yevropaga o’rta asrlarda keltirilgan. Yevropada ilk po’lat ignalarni Germaniyaning Nyurenberg shahrida XV asrda tayyorlashgan. Qirolicha Yelizaveta I hukmronligi davrida olmon Elias Grouze inglizlarga po’lat igna yasashni o’rgatadi. Endilikda bu soha Fransiya qatorida asosiy igna ishlab chiqaruvchi mamlakat bo’lmish Angliya sanoatining muhim tarmog’i sanaladi. Tikuvchilik ignalari tayyorlash kiroyi mexanizasiyalashtirilganiga tsaramay, ularni tayyorlash baribir hali ham murakkab operatsiyaligicha qolmoqda. Eslab qoling-a, tayyorlash jarayonida igna jami bo’lib 20 kishining qo’lidan o’tadi!