Soyabon qachon ixtiro qilingan?
Biz yomg’irdan saqlaydigan soyabondan foydalanishga odatlanib qolganmiz. Ammo aslida soyabon bunday maqsad uchun ixtiro qilinmagan. Uning dastlabki vazifasi Quyosh nurlaridan himoya qilish edi! Qadim-qadimlardan qo’llanib kelayotgan soyabon ixtirochisining ismi-sharifini hech kim bilmaydi. Xitoyliklar soyabondan birinchi bo’lib foydalanishgan, degan xabarlar bor. Bu narsa miloddan avvalgi XI asrda ro’y bergandi! Ma’lumki, soyabon qadimgi Misr va Bobilda Quyoshdan himoya to’sig’i sifatida qo’llanilgan. Uning ishlatilishi bilan bog’lih qiziq voqea bor — u hokimiyat ramzi edi. Qadimda uzoq Sharqda soyabondan faqat podshoh xonadonining a’zolari yoki saroy ayonlari foydalana olar edilar. Yevropada esa soyabondan ilk marotaba qadimgi Yunoniston aholisi foydalana boshladi. Biroq rimliklarning yevropaliklar orasida birinchi bo’lib soyabondan foydalanganliklari to’g’risida ham qarashlar mavjud. O’rta asrlarda soyabondan foydalanish amalda to’xtab qoldi. Keyinchalik u o’n oltinchi yuzyillikning oxirlarida tag’in Italiyada paydo bo’ldi. U xuddi o’tmishdagidek hokimiyat ramziga aylandi. Taxminan 1680 yilda soyabon Fransiyada, keyinchalik esa Angliyada paydo bo’lgan. O’n sakkizinchi asrda deyarli butun Yevropada soyabon yomg’irdan himoya qiladigan vosita sifatida foydalanildi. Oradan o’tgan davrlar mobaynida soyabonning ko’rinishi kam o’zgardi, soyabonlar biroz yengil bo’lib qoldi. Xotin-qizlarning guldor rangli soyabonlarini faqat XX asrdan ishlab chiqara boshladilar.