FIZIOKRATLAR
FIZIOKRATLAR (Fransuzcha physiocrates; lotincha physis — tabiat va kratos — hokimiyat) — 18-asrning 2-yarmida Frantsiyada paydo bo’lgan iqtisodiy tafakkur maktabi. Merkantsizmga qarshi qarashlar sifatida yuzaga kelgan. Asoschisi F.Kene. Uning o’quvchilari V.R.Mirabo (1715 — 89), P.S.Dyupon de Nemur (17391817), A.R.Tyurgo (172781) va boshqalar Fiziokratlarning asosiy vakillari hisoblanadi. Fiziokratlar boylikning manbai savdo emas, balki tabiat bilan bog’liq bo’lgan mehnat, ishlab chiqarish (asosan, qishloq xo’jalik sohasida) va millatning haqiqiy farovonligi yer bilan bog’liq degan qarashlarni targ’ib etganlar. F.V.Petti kabi siyosiy iqtisodda tabiiy fanlar uslubiga amal qilganlar. Fiziokratlar jamiyatga «tabiiy» jarayon sifatida qarashgan va uning rivoji «tabiiy tartib» qonunlari asosida ro’y beradi, deb izohlashgan. Fiziokratlar qarashlarida iqtisodiy kategoriyalarning ob’yektivligi tan olinadi, paydo bo’layotgan va tobora mustahkamlanayotgan daxlsiz xususiy mulk, iqtisodiyotning erkin raqobat asosida rivojlanishi, bozor narxlarining erkin o’zgarishi, iqtisodiyotga davlat aralashuvini inkor etadigan jarayonlar, boylikning adolatli taqsimlanishi qo’llabquvvatlanadi. Fiziokratlarning iqtisodiy tizimida «sof mahsulot» to’g’risidagi ta’limot Markaziy o’rinni egallaydi va u ishlab chiqarish chiqimlari qoplangandan keyin qoladigan mahsulot yoki daromaddir. «Sof mahsulot» (yer rentasi) faqat qishloq xo’jaligida yaratiladi, uni yaratuvchi mehnat unumli, ya’ni qo’shimcha qiymatni yaratadi. O’sha davrdagi jamiyatni Fiziokratlar 3 sinfga bo’ladilar: «sof mahsulot» yaratuvchi, ishlab chiqaruvchi («unumli») sinf — fermerlar; mulkdorlar (albatta yer mulkdorlari) va sof mahsulot yaratmaydigan «unumsiz» sinf — hunarmandlar, ishchilar va boshqa shahar aholisi (dehqonchilikdan boshqa soha vakillari, sanoatchilar deb ham ataladi). Fiziokratlarning muhim xizmatlaridan biri shuki, ular birinchilardan bo’lib kapital tahlilini boshlab berdilar, kapitalni «avans» (bo’nak) deb nomlab, uni «yillik avans» (aylanma kapital) va «dastlabki avans» (asosiy kapital) kabi tarkibiy qismlarga ajratdilar. Fiziokratlarda pul kapitali tushunchasi bo’lmagan, pul birorta avans turiga kiritilmagan. Fiziokratlar ta’kidlashicha, pul o’z holicha «unumsiz» bo’lib, pulning faqat bir funktsiyasi — muomala vositasigina tan olinadi. Fiziokratlar, xususan, Fiziokratlar Kene «Iqtisodiy jadval» («iqtisodiy manzara») asarida fanda birinchi bo’lib takror i.ch.ning iqtisodiy nazariyasini yaratishga harakat qildi va uni jadval va chizmalar shaklida ifodaladi. Fiziokratlar iqtisodiy siyosat sohasida savdo erkinligini (birinchi navbatda qishloq xo’jaligi mahsulotlari savdosida), davlatning iqtisodiyotga faol aralashmasligini, o’sha davrda mavjud bo’lgan ko’pdan ko’p soliklar o’rniga yagona yer solig’i joriy etilishini yoklaganlar. Fiziokratlar g’oyalari iqtisodiy tafakkur tarixida bo’lajak iqtisodiy modellarning muhim kurtagi bo’lib qoldi. Ad.: Kene F., Izbr. Ekonomicheskie proizvedeniya (Per. s Frans.), M., 1960; Razzoqo v A. va b., Iqtisodiy ta’limotlar tarixi, T., 2002. Abdumalik Razzoqov.