FOTOELEMENT

FOTOELEMENT (foto… va element) — o’ziga tushayotgan yorug’likni yutib, elektr toki (fototok) yoki foto elektr yurituvchi kuch hosil qiluvchi elektr asbob. Ishi fotoelektron emissiya yoki ichki fotoeffekt hodisasiga asoslangan. Fotoelektron emissiya asosida ishlaydigan Fotoelement vakuum hosil qilingan yoki gaz to’ldirilgan shisha, yoxud kvars kolba ichiga joylangan 2 elektrod — fotokatod va anodli elektrovakuum asbobdan iborat. Fotokatodga tushadigan yorug’lik oqimi uning sirtida fotoelektron emissiya hosil qiladi; Fotoelement zanjiri tutashtirilganda unda yorug’lik oqimiga monand fototok oqimi vujudga keladi. Gaz to’ldirilgan Fotoelementda gazning ionlanishi va nomustaqil kuchli razryad hosil bo’lishi natijasida fototok kuchayadi. Ichki fotoeffekt asosida ishlaydigan Fotoelement gomogen elektronkovak o’tishli (r— po’tishli), yarimo’tkazgich, geteroo’tishli yoki metallyarimo’tkazgich kontaktli yarimo’tkazgich asbobdan iborat. Bunday Fotoelementda optik nurlar yutilib, zaryad tashuvchilar kontsentrasiyasi zo’rayadi va elektr yurituvchi kuch hosil bo’ladi. Fotoelementlar, odatda, nurlanish yoki yorug’lik qabul qilgichlari vazifasini o’taydi. Yarimo’tkazgichli Fotoelementlardan quyosh batareyalari, fotoelektr generatorlarida quyosh energiyasini to’g’ridanto’g’ri elektr energiyasiga aylantirishda foydalaniladi. Fotoelement avtomatika, telemexanika, fotometriya, o’lchash texnikasi, metrologiya, kosmonavtika, fototexnika, kinotexnika va boshqa sohalarda qo’llanadi.