FORISH TUMANI
FORISH TUMANI – Jizzax viloyatidagі tuman. 1935 yil 9 Fevralda tashkil etilgan. 1962 yilda Nurota va Jizzax tumanlari tarkibiga qo’shib yuborilgan. 1964 yilda qayta tashkil etilgan. Forish tumani dastlab Samarqand, 1964 yil Sirdaryo, 1974 y. Jizzax viloyatlari tarkibiga kiritilgan. Shimol va shimoli sharqdan Qozog’iston, sharqdan Jizzax, Zafarobod, Arnasoy, Do’stlik, Mirzacho’l tumanlari, Jan.dan G’allaorol tumani, g’arbdan Samarqand, Navoiy viloyatlarining Qo’shrabot, Nurota tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 9,53 ming kilometr kvadrat. Aholisi 74,8 ming kishi (2004). Mahalliy ma’lumotlar bo’yicha tuman nomiga o’tgan Forish qishlog’ining nomi Amir Temur Samarqand atrofida qurdirmoqchi bo’lgan «Parij» sh.ahri nomidan olingan. Keyinroq mahalliy xalq shevasida bu atama Farij, Farish, Forish deb o’zgarib borgan degan, taxmin mavjud. Tumanda 2 shaharcha (Uchquloch, Yangiqishloq), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Arnasoy, Garasha, Gulzor, darvoza, Omongeldi, Osmonsoy, Uxum, Forish, Egizbuloq, Qizilqum, Qoraabdal) bor. Markazi — Yangiqishloq shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi viloyatning shimoliy g’arbiy qismida joylashgan. Relefi pasttekislik, qir, adir va Nurota, Pistali tog’laridan iborat. Nurota tizmasi shimoli sharqdan (230-250 metr) Janubi g’arbga (1400-2000 metr) ko’tarila boradi. Eng baland joyi 2169 metr (zargar tog’idagi Hayotboshi cho’qqisi). Janubi g’arbda Nurota tog’lari va Qo’ytosh, Baliqlitov, Pistalitog’, Yetimtog’tizmalari joylashgan. Tumanda Arnasoy, Tuzkon, Baliqli, Pistali ko’llari va Aydar botig’i bor. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, quruq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 14,5°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,5°, eng past temperatura -32°, iyulning o’rtacha temperaturasi 29,5°, eng yuqori temperatura 46°. Yiliga o’rtacha 340— 360 millimetr (shim.sharqida 240-260 millimetr, Janubi g’arbida 459-480 millimetr) yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 216-218 kun. Adirlar kumtosh, qum, mergel, lyosslardan tashkil topgan, ayrim joylar chag’ir toshlar bilan qoplangan. Soylik, jar, yozda qurib qoladigan soy ko’p. Bahorgi yog’ingarchilik paytida soylarda suv to’lib oqadi. Adirlarning tuprog’i gipsli bo’z, o’tloqi bo’z, qumoq, qumloqlar, sho’rxok va sho’rlangan tuproqlar tarqalgan. Nurota tog’laridan oqib keladigan Ustixonsoy, Osmonsoy, Bolamansoy, Uxumsoy, Hayotsoy, Oqtoshsoy, Kattasoy, Chorvoqsoy va boshqalarlardan tog’ etaklaridagi lyossli qiya tekisliklarni sug’orishda foydalaniladi. Tumanda yer osti suvlari ancha yuza joylashgan (shimoli sharqida 1-2 metr, Janubi g’arbida 10-25 metr). Erta bahorda efemer va efemeroidlar o’sadi. Dag’al o’tlar hamda itqovun, yulg’un, yantoq, sho’ra, shuvoq kabi o’simliklar Qorako’l qo’ylar uchun muxim ozuqadir. Tog’li qismida yovvoyi jiyda, olma, archa, handonpista, yong’oq, bodom, na’matak, zira, zirk va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, qobon, chiyabo’ri, arxar, jayran, quyon; qushlardan burgut, tuvaloq, bedana, qirg’ovul, kaklik, o’rdak, kaptar; kemiruvchilardan kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni; tipratikan, toshbaqa, zaharli ilonlar, kaltakesaklar, suv havzalarida turli xil baliq ko’p. Tuman hududida Nurota davlat qo’riqxonasi va biosfera rezervati qo’riqxonalari tashkil etilgan. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 7,9 kishi (2004). Shahar aholisi 12,8 ming kishidan ziyod, qishloq aholisi 62 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda, asosan, qishloq xo’jaligining chorvachilik, dehqonchilik, bog’dorchilik, tokchilik tarmoqlari rivojlangan. Forish tumani hududidan qo’rg’oshin, rux, ohaktosh, bazalt, marmarlashgan qora ohaktosh ochiq usulda qazib olinadi. Tumandagi «karbonat», Uchquloch koni, «Devon», «Forteks» va boshqa korxonalar samarali faoliyat ko’rsatmokda. Tumanning umumiy yer fondi 474,3 ming gektar. Tumanda chorvachilikk aixtisoslashgan 4 ta, sabzavot va bog’dorchilikka ixtisoslashgan bitta, g’allachilik-chorvachilikka ixtisoslashgan 7 ta shirkat xo’jaligi mavjud. 400 dan ziyod fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatmoqda. Ekin maydonining 12,5 ming gektariga g’alla (asosan, lalmikor), 90 gektariga sabzavot, 707 gektariga poliz ekinlari ekiladi. 609 gektar bog’lar, 1058 gektar tokzorlar bilan band. Forish tumani shaxsiy va jamoa xo’jaliklarida 22,2 mingdan ziyod qoramol, 31 ming qo’y va echki, 34,5 ming parranda, 3,6 ming yilqi boqiladi. Tuman o’rmon xo’jaligi hisobida 80 ming gektar yer mavjud. Shundan 2000 gektarda saksovulzor, 130 gektarda yong’oqzor barpo etilgan. O’rmon xo’jaligida sariqchoy, kiyiko’t, tog’rayhon, na’matak, ravoch kabi dorivor o’simliklarni yig’ib dorixonalarga topshiriladi. Xo’jalik yiliga 10 ming tup yong’oq, tok ko’chatlarini tayyorlab aholiga yetkazib beradi. Forish tumanida avtomobil yo’llari uzunligi 343 kilometr, shundan 288 kilometr respublika ahamiyatiga ega. Temir yo’l uzunligi 71 kilometr. 2003/2004 o’quv yilida tumanda 70 umumiy ta’lim maktabi (18,3 ming o’quvchi), 7 maktabgacha, 3 maktabdan tashqari muassasalar ishladi. 2 qishloq xo’jalik va maishiy xizmat kasbhunar kolleji (892 talaba) bor (2004). Madaniyat saroyi, 5 madaniyat uyi, 5 klub, «chorvador» xalq dastasi (1972 yilda tashkil etilgan) faoliyat ko’rsatmoqda. Markaziy kutubxona va bolalar Markaziy kutubxonasi, 28 qishloq kutubxonasi (kitob fondi 281,4 ming asar) aholiga xizmat ko’rsatadi. Stadion, sport zallari, maydonchalari va boshqa sport inshootlari mavjud. 10 kasalxona (qariyb 600 o’rin), 30 feldsherakusherlik punkti, 19 qishloq vrachlik punkti, 7 qishloq vrachlik ambulatoriyasida 110 vrach va 426 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Har 10 ming aholiga 15 vrach to’g’ri keladi. Baliqchi ko’lidan olinadigan shifobaxsh balchiq bilan davolaydigan sanatoriy bor. Shifobaxsh balchiq bilan respublikadagi boshqa stasionar va sanatoriylar ham ta’minlanadi. Xonbandi to’g’oni yodgorligi (10-asr, 1582), Qoratosh (1-2-asrlar), Abdullaxon chorbog’i (16-asr) arxeologiya yodgorliklari mavjud. Yangiqishloq— Jizzax, Yangiqishloq—Forish, Yangiqishloq— Chimqo’rg’on va boshqa yo’nalishlarda avtobuslar qatnaydi. 1936 yildan «Forish tongi» gazetasi nashr qilinadi (adadi 2000).