FIZIOTERAPIYA
FIZIOTERAPIYA (Yunoncha physis tabiat va therapy — davolamoq) — klinik tibbiyotning bir sohasi; tabiiy (kuyosh nuri, havo, suv, shifobaxsh balchiq) va sun’iy fizik omillar (elektr toki, magnit maydoni, sun’iy yorug’lik manbalari, ultratovush va boshqalar) ta’siri mexanizmini o’rganadi va ularni davolash-profilaktika maqsadida qo’llash usullarini ishlab chiqadi. Qadimgi Sharq mamlakatlari, xususan, Yunoniston va qadimgi Rimda tabiiy omillardan (ayniqsa, quyosh, ma’danli suv) davo maqsadida foydalanilgan. 18-asrga kelib fizikaning rivojlanishi va elektr toki kashf etilishi tufayli Fizioterapiya, asosan, elektr bilan davolash vujudga keldi. Keyinchalik galvanik tok (galvanizatsiya, elektroforez), asimmetrik o’zgaruvchi tok (franklinizatsiya), yukrri chastotali tok (darsonvalizatsiya, diatermiya) kabi fizik omillar kashf etilib, davo amaliyotida qo’llanila boshlandi. Fizioterapiya tibbiyotning ilmiyamaliy maxsus bo’limi sifatida rivojlandi. I.M.Sechenov, N.E.Vvedenskiy, I. P. Pavlov ishlarida Fizioterapiyaning nazariy asoslari yoritib berilgan. Ilmiy va amaliy Fizioterapiyaning keyingi rivojiga O’zbekistonda M.Faybushevich, Ya.K.Mo’minov, R. A.Katsenovich, Z.D.Dolimov va boshqalar katta qissa qo’shdilar. Keyingi yillarda O’zbekiston olimlari (N. M. Majidov, K. I. Yo’ldoshev, A.L.Alyavi, S.N. Bobojonov, G.A.Sodiqova, M.Yu.Aliaxunova, Z.R.Zunnunov va boshqalar) tomonidan gidroaeroionizatsiya, ultratovush, quyosh va sun’iy qizil impulsli hamda kogerent nurlari, iqlim, ma’danli suvlar, bishofit, bentonit, magnit, shifobaxsh o’simliklar bilan davolash usullari, shuningdek, fizioterapevtik muolajalarni hujayra darajasida tajribaviy o’rganish keng yo’lga qo’yildi. Fizioterapiyada davolash maqsadida tashqi muhitning tabiiy (landshaft, iqlim, yorug’lik, suv, peloidlar) va sun’iy fizik omillari (elektr va mexanik energiyaning o’zgartirilgan usuli) ishlatiladi. Fizik omillar odamga uning butun evolyutsion taraqqiyoti davomida ta’sir etgan. Shuning uchun fizioterapevtik davo tadbirlari dori moddalariga qaraganda organizmga fiziologik jihatdan ko’proq ijobiy ta’sir etadi va noxush o’zgarishlar kam kuzatiladi. Fizioterapevtik omillar organizmga eng kichik dozada berilganda a’zolar maxsus himoya tizimi, yallig’lanishga qarshi jarayonlarni tiklab, katta terapevtik samaraga erishishi mumkin. Fizik omillarning a’zolarga ta’siri zamirida tanada hosil bo’luvchi maxsus biokimyoviy reaktsiyalar yotadi. Fizioterapevtik muolajalardan nafas, yurakqon tomir tizimi, ovqat hazm qilish, bo’g’im, nerv tizimlari va boshqa xastaliklarning oldini olish hamda davolash maqsadida foydalaniladi. Zamonaviy Fizioterapiyada past, yuqori, ultrayuqori va o’rta yuqori chastotali magnit, elektr va elektromagnit maydonlaridan (induktotermiya, UYuCh — terapiya va boshqalar), turli yorug’lik nurlari (infraqizil nurlaridan tortib ultrabinafsha va monoxromatik kogerent lazer nurlarigacha), mexanik tebranishlar (infratovushlardan ultratovushlargacha) va boshqalardan ham foydalaniladi. Keng qo’llaniladigan fizioterapevtik omillarga galvanizasiya, dorili elektroforez, elektrouyqu, DDT, interferents tok, amplipuls terapiya, flyuktorizasiya, darsonvalizatsiya, induktotermiya, ultratovushli terapiya kiradi. Undan tashqari, iqlim bilan davolash, aeroterapiya, gelioterapiya, talassoterapiya, psammoterapiya, tuzli g’or, gidroterapiya, shifobaxsh loy bilan davolash, mexanoterapiya va boshqa tabiiy fizioterapevtik omillardan hisoblanadi. Hozirgi O’zbekistonda tibbiy tiklanish va fizioterapiya ilmiy tadqiqot instituti va uning Termiz filiali, shuningdek, tibbiyot institutlarining fizioterapiya kafedralarida katta ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.