Basketbol o’z nomini qanday topgan?
Qani, bir topishga urinib ko’ring-chi: Qo’shma Shtatlarda qaysi o’yin istalgan boshqalariga qaraganda ko’proq tomoshabinlariga ega? Siz, albatta, bu o’yin basketbol ekanligini bilib olsangiz, hayronlar qolasiz. Basketbolni ko’pincha «baynalmilal o’yin» deb atashadi, chunki uni har bir madaniyati yuksak mamlakatda o’ynashadi. Biroq boshqa o’yinlardan farqli o’laroq basketbol asrlar davomida birin-sirin rivojlanib kelmagan. U bir kishi, asli kanadalik bo’lmish Jeyms Neysmit tomonidan 1891 yilda ixtiro etilgan. Neysmitning ko’nglida Massachusetsdagi Sprinfild sport maktabi talabalarini qandaydir yangi o’yin bilan qiziqtirib qo’yish istagi tug’iladi. U hindularning xokkeyga o’xshash bo’lgan lakross degan o’yinini katta xonalarda o’ynash imkoniyati bo’ladigan o’yin vujudga kelishi maqsadida britaniyaliklarning futboli bilan birlashtiradi. Neysmit o’ylab topgan o’yinda lakrossdagi singari koptokni oyoq bilan tepish mumkin emasdi. To’p bunda o’yinchidan o’yinchiga uzatilar yoxud bir o’yinchi tomonidan olib borilar va mo’ljalga faqat qo’l bilan tashlanar edi. Avvalboshda mo’ljal sifatida to’qima savatdan foydalanilgan, shu bois Neysmit o’yinni basketbol (inglizcha «Basket» savatni anglatadi) deb ataydi. Basketbolda ham, xuddi bir talay boshqa o’yinlarda bo’lgani singari, o’yinchining o’rni uning o’ziga xos qobiliyati bilan belgilanadi. O’zining aniq nishonga uloqtirishi bilan ochkolar keltiruvchilardan odatda hujum chog’ida foydalanishadi va ular raqib halqasi tomon hujumlar uyushtiradilar. Markaziy o’yinchi, qoida tariqasida, judayam baland bo’yli bo’ladi. U koptok birinchi irg’itilganidanoq uni jamoadoshlariga uzatishni bilishi kerak. Uning bo’yi jamoaga shuningdek «nazorat sipari» bo’lishi, ya’ni koptok noaniq irg’itilganidan keyin halqadan yoki sipardan qaytganida uni o’z nazar doirasida tutishi kerak. Himoyachilar raqib hujumchilariga ochko yutishlarida har qanaqasiga halahit berishlari kerak, shu bois ular harakatchan, ayyor bo’lishlari va shuning barobarida o’z jamoalarining hujumlarida ishtirok etishga ham ulgurishlari lozim.