MAASTRIXT YARUSI

MAASTRIXT YARUSI (Niderlandiyadagi Maastrixt shahri nomidan) — bo’r sistemasi (davri) yuqori bo’limining pastdan oltinchi yarusi. Dastlab 1849 yilda belgiyalik geolog A. Dyumon tomonidan ajratilgan. Sen-Per tog’i yon bag’ridagi topilgan joyida yarusning faqat yuqori qismi uchun xos bo’lgan sayoz suv organogenchaqiq ohaktoshlardan tuzilgan. Yanada aniqroq stratigrafik bo’linmalarga ajratishda ammonitlar, belemnitlar, foraminiferalar, dengiz kirpilari va boshqa qoldiqlariga asoslaniladi.