FINIKIY YOZUVI

FINIKIY YOZUVI — miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalarida Finikiyada paydo bo’lgan hamda finikiyaliklar va karfagenliklar, qadimgi yahudiylar va moavliklar tomonidan milodiy 4-asrgacha foydalanilgan konsonant harftovush yozuvi. Finikiy yozuvi Ugarit yo’zuvi yoki qadimgi arabiy (tamud, safati, lixyoni) alifbolar bilan birga rasmli qadimgi xanaan bo’g’inlikonsonant yozuvidan kelib chiqqan bo’lsa kerak. Finikiy yozuvidagi grafemalar soni (22 ta) asosiy manba yozuvdagiga (29-30 grafema) nisbatan kamaygan. Unda faqat undoshlargina ifodalangan, unlilar mutlaqo ifodalanmagan — Finikiy yozuvi sof konsonant yozuv bo’lgan. Harflar muayyan qat’iy ketma-ketlikda joylashgan, ya’ni alifboni tashkil etgan. Har bir harf belgili nomga ega bo’lgan va nomlar ayni harf bildirgan tovush bilan boshlangan. Masalan, b — «bet», D — «dalet», g — «Gimel» va shu kabilar. Finikiy yozuvi o’ngdan chapga qarab gorizontal holatda yozilgan. Bu yozuvning paydo bo’lishi insoniyat tarixida yozuvni takomillashtirishda olg’a qo’yilgan qadam bo’lgan, chunki birinchi marta sof tovush yozuvining, grafemalar soni aniq bo’lgan mukammal alifboning yuzaga kelishi jamiyatda yozuvni biladigan kishilar doirasini nihoyatda kengaytirib yuborgan. Miloddan avvalgi 12-asrda to’la shakllangan Finikiy yozuvi finikiyaliklarning O’rta dengiz bo’ylarida barpo qilgan mustamlaka yerlarida tarqalgan. 10-9-asrlarda Finikiy yozuvidan oromiy yozuvi (undan esa yahudiy, nabotiy, Arab; Old va Markaziy Osiyoning boshqa alifbolari, jumladan, bilvosita gruzin va arman; Sug’d, uyg’ur va mo’g’ul yozuvlari va boshqa yozuvlar) paydo bo’lgan. 11 — 8-asrlarda esa yunon, keyinroq lotin, kirill alifbolari, brahmi yozuvi (undan Hindiston, Shimoliy Sharqiy Osiyo va Tibet yozuvlari) kelib chiqqan. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi bizga ma’lum bo’lgan harftovush tizimidagi alifbolarning F qismidan ko’prog’i Finikiy yozuvidan tarqalgan. Finikiy yozuvida bitilgan eng qadimgi yodgorliklar miloddan avvalgi 12-10-asrlarga mansub bo’lib, Finikiyaning o’zidan emas, balki uning mustamlakalari hududidan topilgan (ular ko’p emas). Finikiy yozuvidagi yodgorliklarning ko’pchiligi miloddan avvalgi 5-asr — milodiy 2~3-asrlarga mansub. Undan keyingi davrda Finikiy yozuvi oromiy yozuvi tomonidan siqib chiqarilgan.