SAID OTA MASJIDI
SAID OTA MASJIDI — Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi me’moriy yodgorlik (1766). Masjid usti yopiqhovli (14,0×7,0 metr), xonaqoh (7,0×7,0 metr), ayvon va unga kiraverishdagi qo’shimcha xonalar (qorovulxona, otxona va boshqalar)dan iborat. Masjid oldini qator ustunli ayvonlar egallagan. Hovli markazida quduq saqlangan. Xonaqoh gumbaz tomli, gumbaz asosiga g’ishtin sharafalar, ostki qismiga 8 ta ravoqli deraza ishlangan. Said ota masjidi bezaksiz, yog’och o’ymakorligida bezatilgan ustun, eshik va derazalar diqqatga sazovor. Darvozadagi Arab yozuvlari orasida masjidning qurilgan yili qayd etilgan.