ABORT
ABORT (lotincha abortus — bola tashlash) — ayollarda homiladorlikning dastlabki 28 haftasida bachadondan homila tushishi, 28 haftadan ilgari tug’ilgan bola yashamaydi. Abort erta (homiladorlikning 12 haftasi ichida kerakli davo choralari ko’rilmaganda bola tushishi) va kechikib (13 — 27 hafta ichida bola tushishi) sodir bo’lishi mumkin. Abort sun’iy va g’ayriixtiyoriy Abortga bo’linadi. Sun’iy Abort (bola tushirish) ayolning o’z istagi yoki sog’lig’iga qarab homiladorlikning 12-haftasiga qadar, tibbiy sabablarga ko’ra esa bundan kechroq muddatlarda tug’ruqxonalarda o’tkaziladi. G’ayriixtiyoriy Abort (bola tashlash) sabablari: 1) o’tkir va yuqumli kasalliklar, mas, terlama, bezgak, brusellyoz, zaxm va boshqalar; 2) ona bilan homila qoni rezus faktorinnt mos kelmasligi (ona qonida rezus faktor manfiy, homilada esa musbat bo’lishi); 3) umumiy kasalliklar (yurak, qon tomirlari, o’pka va nafas a’zolari, buyrak, endokrin bez kasalliklari); 4) jinsiy a’zo kasalliklari (tuxumdon faoliyatining buzilishi); bunda sariq tana gormoni kam ishlanib chiqib, bachadon muskullarini qisqartiruvchi omillar, jumladan follikulin kuchayib ketadi, natijada Abort ro’y beradi; 5) ichki jinsiy a’zolarning turli sabablar bilan yallig’lanishi; 6) ayol tanosil a’zosining yetarli rivojlanmaganligi (infantilizm); 7) turli shikastlar (homiladorlik vaqtida yiqilish, og’ir yuk ko’tarish, lat yeyish va hokazo); homiladorning biror narsadan qattiq qo’rqishi, hayajonlanishi. G’ayriixtiyoriy Abort homilaning bachadondan ko’chish darajasiga qarab turlicha bo’ladi. Abort xavfi tug’ilganda bel og’rib, jinsiy a’zodan bir oz qon keladi, bachadon homila muddatiga nomuvofiq kattalashadi; to’g’ri davo qilinsa, homiladorlikni saqlab qolish mumkin. Boshlanayotgan Abortda og’riq sezilib, qon keladi, bachadon taranglashib; bunda ham homila tirik bo’lsa, homiladorlikni saqlab qolish mumkin. Jadallashgan Abortda laxta-laxta qon keladi, bachadon taranglashadi, qisqaradi. Chala Abortda homila butun chiqmay, uning ko’chmagan qismlari bachadon ichida qolib, qon ko’p ketadi, bachadon homiladorlik muddatiga nisbatan kichik bo’ladi. To’liq Abortda homila butun tushadi; shunga ko’ra qon kelishi tez to’xtaydi, bachadon kichrayadi. Homila nobud bo’lib, bachadon qisqarishi juda sust borsa, homilaning ajralishi va tushishi uzoq cho’ziladi. Bunday hollarda bachadondan uzoq vaqtgacha qon ketadi (cho’zilgan Abort). Ba’zan homila bachadon devoridan ko’chadi-yu, lekin bachadon bo’yni kanalining tashki teshigi yopiq bo’lsa, bo’yin kanalida to’xtab qoladi (bachadon bo’yniga bola tushishi). Ba’zan homila nobud bo’lsa ham (bachadon qisqarmasa) tushmaydi. Atrofidagi suv shimilib, o’zi bujmayib, mo’miyosimon bo’lib qoladi (yopishib qolgan Abort). Abortga infektsiya sabab bo’lganda, infektsiya homilani zararlab, bachadon va boshqa jinsiy a’zolar hamda qorin pardasi yallig’lanadi, homiladorning isitmasi ko’tariladi. Septik Abortda esa mikroblar ona organizmiga qon orqali tarqaladi, bemorning ahvoli og’ir bo’ladi; o’z vaqtida chora ko’rilmasa, ona nobud bo’lishi mumkin. O’zbekistonda kasalxonalardan tashqarida abort qilish (jinoiy Abort) taqiqlanadi va jinoyat hisoblanadi. Ayolni Abortga majbur etgan shaxslar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi. Hayvonlarda bo’g’ozlikning bevaqt tug’allanishi, bola tashlash. Abortning kelib chiqish sabablariga qarab yuqumsiz, yuqumli va invazion turlari bor. Yuqumsiz Abort asosan, urg’ochi hayvonlar jinsiy a’zosi funktsiyasining buzilishi va tashqi muhitning ta’siri (vitamin va mineral moddalari kam bo’lgan, chirigan, mog’orlagan, achigan yem-xashak yedirish, urilish, qisilish, og’ir ishlarda ishlatish kabi mexanik ta’sir) natijasida sodir bo’lsa, yuqumli Abort brusellyoz, trixomonoz va boshqa kasalliklar natijasida ro’y beradi. Invazion Abort esa piroplazmoz, gel-mintozlar natijasida organizmning zaharlanishi va zaiflanishidan kelib chiqadi. Kurash choralari: chorva mollarini boqishda, sun’iy qochirishda, bo’g’ozlik davrida zootexnika va veterinariya qoidalariga to’liq rioya qilish va hokazo Ad: Qodirova A. A., Akusherlik, T., 1994. Asolat Qodirova, Abdulla Quranboyev.