ABRI BAHOR
ABRI BAHOR (forscha — bulut) – kitobat san’atida qo’lyozma kitob sahifalarini bezash san’ati; shuningdek shu usulda yaratilgan tasvir. Maxsus idishdagi daraxt yelimining suvdagi eritmasiga yelim va boshqalar bilan aralashtirib tayyorlangan turli rangdagi bo’yoqlar mo’yqalam yordamida navbati bilan (to’q rangdan och rangga qarab) solinadi. Maxsus taroq vositasida turli rasm (tasvir)lar hosil qilib taralgan yelim yuzasidagi bo’yoqlar ustiga sur qog’oz yopiladi; bir necha daqiqadan so’ng u ohista olinib, qog’ozdagi suyuqlik oqib tushishi uchun bir uchidan osib qo’yiladi, keyin soya joyda quritiladi. Abri bahorning egri-bugri chiziqli mavhum gullaridan tashqari mujassamotga ustalar turli handasiy shakllar, o’simliksimon mavzular, hatto she’riy parchalar ham kiritishgan. Abri bahor gullari biri ikkinchisini takrorlamagan. Faqat mohir ustalargina aynan bir naqshni bir necha marta takroran yaratishga erishgan. Ustalar tomonidan tilla zarralar bilan ishlangan Abri bahor qog’ozi ham tayyorlangan. Qo’lyozma kitoblarni bu usulda bezatish Hirot kitobat san’atida taraqqiy etdi, 16 — 17-asrlarda keng tarqaldi. Tabriz, Qazvin, Isfahon va boshqada shu usulda bezatib tayyorlangan qo’lyozmalar uchraydi. Hozirgi kunda unutilib ketgan Abri bahor san’atini qaytadan tiklashga urinishlar bo’ldi. Jumladan, O’zbekistonda 1991 yil Abri bahor san’atini tiklagan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining bir guruh ilmiy xodimlari (A. Madraimov, Sh. Muhammadjonov, M. Salimov va boshqalar) shu usulda bezatilgan bir necha qo’lyozma kitoblarni qayta tikladilar.