ABU DULAF

ABU DULAF Mis’ar ibn Muhalhil al-Xazrajiy Yanbuiy (10-asr) — sayyoh, geograf va shoir. Asli Madina shahriga tobe Xazraj qabilasidan. 10-asrning 1-choragida Buxoroga kelgan. 914 — 942 yillarda Somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad saroyida xizmat qilgan. U 942 yilda Buxoroga kelgan Xitoy elchilariga hamroh bo’lib Sharqiy Turkiston, Tibet va Xitoyga borgan, shuningdek Eron va Hindistonga ham sayohat qilgan. Yettisuvda qarluqlarning yog’ochdan qurilgan ibodatxonasi borligini va uning devorlariga chizilgan o’tmish podsholarining rasmlarini ko’rganligini yozgan. Uning tarixiy geogr.ga oid «Risolat ulavval» («Birinchi risola») va «Risolat ul-uxro» («Ikkinchi risola») asarlari borligi ma’lum. Bular Movarounnahr, Xitoy va Hindistonning tarixiy geografiyasiga oid tarixiy manba sifatida muhim ahamiyatga ega.