ABU MA’SHAR JA’FAR
ABU MA’SHAR JA’FAR ibn Muhammad ibn Umar al-Balxiy (? — 886) — xurosonlik munajjim (astrolog). O’rta asrda Yevropada Albumasar nomi bilan mashhur bo’lgan. Bag’dodga yaqin yerda Ali ibn Yahyo ibn Munajjimning «Aql xazinasi» deb nom olgan shaxsiy kutubxonasidan bahramand bo’lish bilan birga, uning moddiy yordamida ilmi nujumni o’rganishga kirishgan. Abu Ma’shar Ja’far 100 yildan ko’proq umr ko’rgan va 30 dan ortiq asar yozgan. Uning «Madxal ilo ilmi ahkom in-nujum» («Yulduz hukmi haqidagi ilmga kirish») nomli asari Yevropada keng tarqalgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida uning «Muxtasar dar ilmi nujum» («Yulduzlar ilmi haqida qisqacha bayon») asarining qo’lyozma nusxasi saqlanadi. Astrologiyaga oid bu kichik asarda hafta kunlari sanalib, kunning qaysi vaqtida qaysi sayyora qayerda turishi va kunning ma’lum bir soatida qanday ishlarni boshlash mumkin va mumkin emasligi bayon etiladi. Abu Ma’shar Jafar hadis va diniy ilmlar bilan ham shug’ullangan.