ABU SAID MAQBARASI

ABU SAID MAQBARASI, Meona bobo maqbarasi — Turkmanistondagi me’moriy yodgorlik (11-asr o’rtalari). Ruhoniy Abu Sayd Mayxoniy (Meona bobo, 1049 yil vafot etgan) qabri ustida qurilgan. Murabba tarhli (10,30×10,50 metr), qo’sh gumbazli. Devorlariga g’ishtlar bezakli qilib terilgan. Bosh tarzi peshtoqli. 14-asrda ta’mir qilinib, peshtoqi va gumbazi koshin bilan qoplangan, shiftiga girih ishlangan, ichki devorlari ganch bilan suvalib, islimiy naqsh bilan pardozlangan. Devori yuqori tomon ensizlasha boradi. Poygumbazning tag qismi 12, yuqorisi 24 qirrali qilib gumbazga tutashtirilgan, bino tarzlariga ravoqlar ishlangan.