AVSTRIYA-ITALIYA URUSHI

AVSTRIYA-ITALIYA URUSHI (1848— 49)—1814—15 yillardagi Vena Kongressi qarorlariga ko’ra, Lombardiya va Venesiyada o’rnatilgan Avstriya hukmronligiga qarshi Italiya xalqining milliy ozodlik urushi. 1848 yil 18 martda Milanda Avstriya zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tarildi. Milanning qurolsiz xalqi Avstriya feldmarshali Radeskiyning 15 ming kishilik armiyasiga qarshi besh kun davomida olib borgan qahramonona janglaridan keyin avstriyaliklar shaharni tashlab ketishga majbur bo’ldilar. Shu vaqtda Venesiyada ham quzg’olon ko’tarildi. 1848 yil 22 martda avstriyaliklar Venetsiyadan ham chiqib ketdilar. Shaharda respublika tashkil etildi. Xalq ommasiniig inqilobiy harakatidan qo’rqqan va o’z xokimiyatini mustahkamlashni ko’zlagan Pemont (Sardiniya) qiroli Karl Albert 23 martda Avstriyaga qarshi urush e’lon qildi. Urushda Pemont qo’shinlari Veronada Avstriya armiyasiga qattiq zarba berdi: bu janglarda Italiya xalq qahramoni Garibaldining ko’ngilli otryadlari qatnashdi. Lekin ular Karl Albertning sotqinlik siyosati tufayli bir qancha zarbalarga uchradi. 1848 yil avgustda Karl Albert Avstriya bilan sharmandali yarash bitimi tuzdi. Italiya inqilobi yangi bosqichga ko’tarilgan bir paytda (1849 yil 20 martda) Karl Albert urushni yangidan boshlashga majbur bo’ldi. 21-23 mart kunlari Pemontning 88 ming kishilik armiyasi generalning layoqatsizligi va xiyonati sababli batamom tor-mor etildi, 26 martda imzolangan yarash bitimiga ko’ra, Avstriya qo’shinlari Venesiya va Lombardiyani qayta egalladilar.

AVSTRIYA-ITALIYA URUSHI (1866) — Italiyaning Avstriya hukmronligiga qarshi milliy ozodlik urushi. Bu vaqtda Italiyada birlashtiruvchilik harakati yana kuchaygan va Italiya asosan Birlashgan edi. Lekin avstriyaliklar qo’l ostidagi Venesiya viloyati va Papa hokimiyatiga qarashli Rim hali ozod etilmagan, birlashtirilmagan edi. Italiyaning Birlashgan qismida hukmron bo’lib olgan Savoyya sulolasiga mansub Sardiniya qirolligi (Pemont) Italiyani batamom birlashtirish maqsadida xalq ommasining vatanparvarlik hissiyotidan va Prussiyaning Avstriyaga qarshi kurashidan foydalanishga intildi. 1866 yil 8 aprelda Italiya va Prussiya o’rtasida yashirin bitim imzolandi. Prussiya 16 iyunda Avstriyaga qarshi urush boshlagandan so’ng 20 iyunda Italiya qo’shinlari Venetsiya hududiga bostirib kirdi. Garibaldi ko’ngillilari Triest, Trentino va Janubiy Tirolni ozod etdi. Avstriya-Prussiya urushida Avstriyaning zarbaga uchrashi tufayli Italiya uchun qulay vaziyat vujudga keldi. Lekin dengizda Italiya floti talafot kurdi. Buning ustiga Prussiya Italiyaning roziligini olmay, Frantsiya vositachiligida 26 iyulda Avstriya bilan yarash bitimi imzoladi. Frantsiya va Prussiya taklif etgan shartlar asosida Sardiniya qirolligi bilan Avstriya urtasida 10 avgustda yarash bitimi, 3 oktabrda esa Venada sulh shartnomasi imzolandi; Avstriya Venesiyadan voz kechdi. Venesiya Italiya tarkibiga kiritildi. Ammo Triest, Trentino va Janubiy Tirol yana Avstriya qo’lida qoldi. Italiyaning birlashishi 1870 yilga borib tugallangan.