AGROKIMYOVIY XARITAGRAMMA
AGROKIMYOVIY XARITAGRAMMA — tuproqning o’simliklar oziqlanadigan elementlar bilan ta’minlanganlik darajasini ifodalovchi xarita-sxema. Agrokimyoviy xaritagramma tuzishda tuproqlar tarkibidagi o’simliklar o’zlashtira oladigan shakldagi fosfor va kaliy, mikroelementlar va boshqa miqdoriga ko’ra 5 guruhga ajratiladi (azotni aniqlash kam qo’llaniladi). Agrokimyoviy xaritagramma tuzish uchun maydoni 5 — 20 gektarli raqamlangan maydonlardan olingan aralash tuproq namunalari tahlili natijalaridan foydalaniladi. Namuna haydalma qatlamning 20 joyidan (diagonali yoki o’qi bo’yicha) 300 — 400 gramm miqdorda olinadi. Ayni paytda haydalma qatlam ostidan (30 — 40 santimetr chuqurlikdan) olingan alohida tuproq namunalari g’am o’rganiladi. Barcha aralash tuproq namunalaridagi harakatchan fosfor va kaliy miqdori aniqlanadi. Tahlil natijalariga qarab Agrokimyoviy xaritagrammalar tuziladi. Xaritaga tushuntirish tuziladi, xo’jalik haqidagi ma’lumotlar, agrokimyoviy tekshirish natijalari, mineral o’g’itlardan foydalanish bo’yicha tavsiyalar beriladi. Respublika «O’zdaverloyiha» inti beradigan xo’jaliklarning yerlaridan foydalanish tarxlari Agrokimyoviy xaritagrammalar tuzish uchun xaritagrafik asos bo’lib xizmat qiladi. Ularning masshtabi sug’oriladigan yerlar uchun 1:10000, lalmi yerlar uchun 1:25000. Ilmiy tavsiyalarga ko’ra xar 5 yilda tuproqning agronomik holati tekshiriladi va yangi Agrokimyoviy xaritagramma tuziladi.