FITOSENOLOGIYA
FITOSENOLOGIYA (fitosenoz va …logiya) — geobotanika va biogeosenologiya bo’limi (ba’zan geobotanika sinonimi). O’simlik jamoalari, jamoa hosil qiluvchi o’simliklarning o’zaro va biosenozlarning boshqa komponentlari bilan aloqasini o’rganadi. Fitosenologiya fitosenozlarning tashkil tortishi, almashinib turishi, yer yuzasida tarqalishi va tasnifi bilan ham shug’ullanadi. Fitosenologiyaning paydo bo’lishi 19-asr oxirida o’simlik qoplamlari to’g’risidagi tushunchalarning rivojlanishi bilan bog’liq. Fitosenologiya bir necha yo’nalishda rivojlandi. Nemis olimi A. Gumboldt Fitosenologiyaning geografik yo’nalishini asoslab bergan. Mazkur yo’nalishning rivojlanishida rus olimi V. V. Dokuchayev, rus geobotaniklari G. N. Visoskiy, A. Ya. Gordyagin, B.A.Kellerning xizmatlari katta. 19-asrga kelib fitosenozning tuzilishi haqidagi materiallar to’plandi (avstraliyalik botaniklar Y. Lorents, 1858; A. Kerner, 1863; finlyandiyalik botanik R. Xult, 1881 va boshqalar). Zxalqaro botanika Kongressidan (1910) keyin elementar taksonomik birlik sifatida assotsiatsiya qabul qilindi, fitosenozlarni o’rganish va assotsiasiyalarga ajratishda har xil yo’nalishlar shakllandi. Yerdagi o’simliklarga oid ekologik tadqiqotlar G. Valter ishlarida umumlashtirilgan. Fitosenozlarni o’rganishning biologik yo’nalishini shveytsariyalik botanik O. P. Dekandol asoslab berdi (1820, 1832). Bu yo’nalish Ch. Darvinniig «turlarning kelib chiqishi» (1859) asari nashr etilgach, rivojlana boshladi. Dekandol va Darvin izdoshlari o’simlik jamoalarining tarkibi, strukturasi va o’zgarishi faqat iqlim va tuproq sharoiti bilan emas, balki o’simliklar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar bilan ham belgilanishini ko’rsatishgan. 19-asrning 70-80-yillarida mazkur yo’nalish rus olimlari N. F. Levakovskiy va S. I. Korjinskiy, so’ngra (20-asrda) G. F. Morozov va V. N. Sukachev ishlarida rivojlantirildi. Fitosenozlardagi o’simliklar o’zaro aloqasining o’rganilishi eksperimental Fitosenologiyani yuzaga keltirdi. Fitosenologiya o’simliklarning faqat tabiiy jamoasini emas, inson tomonidan yaratilgan sun’iy jamoasi (agrosenozlar)ni ham o’rganadi. Fitosenologiyada o’simlik jamoalarini marshrut, stasionar, eksperimental va matematik o’rganishdan, jumladan, matematik modellashtirishdan keng foydalaniladi. Fitosenologiya — o’simlik qoplamlarini muhofaza qilish, oqilona foydalanish, ular mahsuldorligini oshirishning ilmiy asoslaridan biri. Fitosenologiyaga oid tadqiqotlar botanika, ekologiya va umumiy biologiyaga oid ilmiy jurnallarda yoritiladi.