FOTOGRAFIYA
FOTOGRAFIYA (foto… va …grafin) — maxsus optik asbob fotoapparat yordamida yoruglik sezgir fotografik materiallar (maxsus modda qoplangan qog’oz, shisha, plyonka)da ob’ektning oqqora yoki rangli tasvirini hosil qilish usuli; shunday usulda olingan surat. Fan, texnika va sanoatning muhim sohasi. Yorug’likning fotoapparatga joylangan fotomaterial (masalan, fotoplyonka)ning yorug’lik sezgir qatlamida yashirin fotografik tasvir hosil qilish xossasiga asoslangan. Kimyoviy fotografik ishlov berilgani (kimyoviy modda — ochiltirgich ta’sir ettirib ochiltirilgani)dan so’ng ko’rinadigan tasvir (oddin negativ, keyin pozitiv) hosil bo’ladi. Bu tasvir fotonusxa (fotosurat) deb ataladi. Ochiltirgich tarkibiga metol, gidroxinon, paraminofenol, amidol, glisin, dietilparafenildiamin (rangli tasvirlar uchun) va boshqa kimyoviy moddalar kiradi. Ochiltirilgan tasvirga mustahkamlagich modda (fiksaj) ta’sir ettirib, fotosurat mustahkamlanadi. Mustahkamlagich sifatida natriy tiasulfat (giposulfit) asosidagi eritmalar (odatda, suvdagi 25% li eritmasi) qo’llanadi. Ba’zi fotografik jarayonlarda «qaytar» fotomateriallardan foydalaniladi. Maxsus kimyoviy ishlov berilganidan so’ng ularda bevosita pozitiv hosil bo’ladi. Bir pogonali diffuzion fotografik jarayon, ya’ni fotoapparatning o’zida bir vaqtda negativ va pozitiv tasvirni juda tez hosil qilish usuli ham yaratilgan. Fotografiya oqqora (monoxrom) va rangli, statik va dinamik (kinematografiya), yassi (oddiy) va hajmiy (stereoskopik) turlarga bo’linadi. Yoruglik sezgir materiallardan foydalanib hajmiy (fazoviy) tasvirlar olishning alohida usuli golografiya deb ataladi. U 15-asrda ob’yektlar tasvirini proektsiyalab, so’ngra qog’ozga rasmini chizishdan boshlangan. Bu usulni Leonardo da Vinchi qo’llagan. Lekin Fotografiya yorug’lik sezgir moddalar ma’lum bo’la boshlagach paydo bo’lgan. 18-asrda dastlabki yorug’lik sezgir modda sifatida kumush tuzi topilgan va tadqiq qilingan. Buyuk Britaniyada 1802 yilda T. Uejvud AgNO3 qatlamida tasvir olishga eritshdi, lekin uni mustahkamlash usulini bila olmadi. Fotografiya ixtiro qilingan vaqt 1839 yil deb hisoblanadi, chunki shu yili frantsuz rassomi L.J.M.Dager (frantsuz olimi J.N.Neps bilan hamkorlikda) Parij akademiyasiga Fotografiya usuli haqida axborot beradi. Bunda yorug’lik sezgir qatlam sifatida kumush ioditdan foydalanilgan. Keyinroq ob’yektiv ixtiro kilindi (muallifi vengriyalik optic I.Pesval, 1840), ingliz ixtirochisi F. Skottarcher 1857 y.da ho’l yorug’lik sezgir material (kolloidli emulsiya) ga asoslangan fotojarayonni ishlab chiqdi, 1871 yilda uning vatandoshi R.Meddoks quruq yorug’lik sezgir materialdan foydalanishni taklif etdi. 20-asrda Fotografiya asosiy axborot va hujjatlashtirish vositasi bo’lib qoldi. Optik sensibilyatsiya hodisasi kashf qilinganidan, plyonkali fotomateriallar, kumush birikmalari bo’lmagan fotomateriallar, yangi modeldagi fotoapparatlar yaratilganidan so’ng Fotografiyani qo’llanish sohalari ancha kengaydi. Hozir fototasvirlarni bir zumda chiqarib beradigan fotoapparatlar mavjud. Fotografiya astronomiya sohasidagi tadqiqotlarda; astrofizikada, biologiya, kimyo, kinematografiya, televideniye, kosmonavtika, tibbiyot, fizika, matbaa, matnli va grafikli asl nusxalardan fotografik usulda nusxalar ko’paytirishda, kundalik turmushda keng qo’llanadi.