FOTIMIYLAR XALIFALIGI
FOTIMIYLAR XALIFALIGI, Fotimiylar davlati (909-1171) — Shimoliy Afrikada fotimiylar sulolasi boshqargan harbiyteokratik davlat. Ifriqiya (Tunis)da ismoiliylar harakati natijasida tugatilgan aglabiylar davlati o’rniga tuzilgan. 910 yilda Rakkad shahrida ismoiliylardan bo’lgan Imom Ubaydulla xalifa va Maxdiy deb e’lon qilingan. 10-asr o’rtalariga kelib buyuk ismoiliylar davlatini tuzishga intilayotgan fotimiylar butun shim. Afrikani va Sitsiliyani o’zlariga bo’ysundirib oldi. O’rta dengizda esa ularning floti yagona xukmron kuchga aylandi. 969 yilda fotimiylar qo’shini Misrni bosib olgan, lashkarboshi Javhar Fustat yaqinida Qohira shahriga asos solgan. Bu shahar 973 yilda ularning poytaxti bo’lib qolgan. 10-asr oxirida Fotimiylar xalifaligiga Jazoir, Tunis, Liviya, Misr, Suriya (Falastin bn), G’arbiy Arabiston (Hijoz, Yaman) kirgan. Fotimiylar markazlashgan harbiyteokratik davlat qurganlar. Hokimiyat meros sifatida tor doiradagi hukmron sinflarga o’tar edi. G’ayridinlar bo’lmish xristianlar va yahudiylarga nisbatan, asosan, bag’rikenglik siyosati olib borilgan. Xo’jalikning asosiy rivojlangan soxalari — dehqonchilik, mevachilik, sabzavotchilik va hunarmandchilik edi. 11 asrga qadar yerning davlat tasarrufiga o’tkazish kuchaya borgan. Muiz davrida (953— 975) yerdan xiroj solig’i olish qattiq nazorat qilingan. Hunarmandchiliqda qullarning mehnatidan foydalanishgan. Aleksandriya, Dametta, Tinnis shaharlarida to’qimachilik korxonalari mavjud bo’lgan. Teri, shisha, metall, sopol, qog’oz va pergament mahsulotlarini ishlab chiqarish ham ravnaq topgan. Fotimiylar xalifaligi Hindiston, Vizantiya, Italiyaning Amalori, Venesiya, Genuya, Piza shaharlari bilan muntazam savdo aloqalariga ega bo’lgan. Fotimiylar xalifaligining tilla tangasi o’zining oliy sifati bilan ajralib turgan. Fotimiylar xalifaligi tomonidan Misr zabt etilganidan so’ng armiya mahalliy qullarning hisobiga yanada kuchaya borgan, natijada mustahkam siyosiy kuch shakllangan. 10-11-asrlarda Fotimiylar xalifaligining ma’naviy va ma’rifiy hayotida yuksalish davri ko’zga tashlanadi. Ilmfanning ko’pgina tarmoqlari, riyoziyot, handasa, mantiq, falsafa, falakiyot, geometriya, adabiyot, Arab grammatikasi, geografiya, tibbiyot, kimyo, fizika, biologiya, noshirlik, Islomshunoslik, hadisshunoslik, dinshunoslik va tarjimonlikda sezilarli yutuqlarga erishilgan. 11-asr boshida Qohirada «Dor ulhikma» («bilimlar uyi») shakllangan. Muxdmmad alXorazmiy, Ahmad alFarg’oniy, Abu Bakr arRoziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muhammad ibn Ismoil alBuxoriy, Muhammad atTermiziy, Abu Nasr alForobiy, Yaqub alKindiy, Ibn alHaysam, asSadafiy, Ibn Ridvon, Abu Xotim arRoziy, Homidaddin Kirmoniy singari olimlarning hayoti va faoliyati «bilimlar uyi» bilan uzviy bog’langan edi. «Bilimlar uyi»ning saloqiyati va mashhurligining oshishida Movarounnahr olimlari va mutafakkirlarining hissasi nihoyatda katta bo’lgan. 11-asr o’rtalarida Misrda mislsiz qurg’oqchilik tufayli yuzaga kelgan ochlik va epidemiya ko’p zarar yetkazgan. Armiyada esa, turklar va sudanliklar o’rtasida ziddiyatlar kuchayib ketgan. Xalifa Muntasir vaziyatni boshqara olmay hokimiyatni xarbiy sarkarda Badr al Jamaliyga topshirgan va uni vazir etib tayinlagan. Boshboshdoqliklar va ziddiyatlar Fotimiylar xalifaligining barcha ijtimoiy qatlamlariga kirib borgan. Vazirlarning mavqei osha borgan. Muntasir (1094) va Amir (PZO)ning vafotidan so’ng, mustamlaka xalklarning kurashi avj olgan, bu omillar Fotimiylar xalifaligining parchalanishiga olib kelgan. 1048 yilda shimoliy Afrika Fotimiylar xalifaligidan ajralib chiqqan. 1071 yilda Sisiliya normannlar tomonidan bosib olingan. Misrdan salibchilar siqib chiqarilgan, natijada 1169 yilda Fotimiylar xalifaligining vaziri etib harbiy sarkarda Salohiddin tayinlangan. U oxirgi fotimiylar xalifasi Adidni ag’darib, hokimiyat to’ntarishini amalga oshirgan (1171). Misrda ayyubiylar sulolasining hukmronligi o’rnatilgan.