GABSBURGLAR

GABSBURGLAR (Habsburger) — Avstriyada hukmronlik qilgan sulola (1282 yildan gersoglar, 1453 yildan ersgersoglar, 1804 yildan Avstriya imperatorlari). 1526 yil Chexiya va Vengriyani (u yerlarda qirol deb atalganlar) va boshqa hududlarni qo’shib olib ko’p millatli ulkan davlatni (1867-1918 yillarda Avstriya-Vengriya) monarxlari bo’lganlar. Gabsburglar «Muqaddas Rim imperiyasi» imperatorlari (1438— 1806 yillarda doimiy ravishda, 1742-45 yillardan tashqari), shuningdek Ispaniya qirollari (1516-1700) ham edilar. Asosiy vakillari: Karl V, Filipp II (Ispaniyada), Mariya Tereziya, Iosif II, Frans Iosif I. Gabsburglar ijtimoiy taraqqiyot dushmanlari, Yevropa xalqlarining milliy ozodlik harakatlarini bo’g’uvchilar sifatida tarixda nom qoldirishgan. Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibiga kirgan o’lkalarda mustamlakachilik siyosatini yuritganlar.