GAVAR GAZ-NEFT KONI

GAVAR GAZ-NEFT KONI — Saudiya Arabistonida joylashgan gaz-neft koni (Fors ko’rfazidagi neft-gazli havzaga mansub). Xufuf shahridan 20 kilometr g’arbda. Dunyodagi eng yirik kon. 1948 yilda ochilgan. 1951 yildan ishga tushirilgan. Gaz-neft uyumi 1,5—3 kilometr chuqurlikda joylashgan. Neftning dastlabki zaxirasi 10,14 milliard tonna, gazniki 1,01 milliard metr kub. O’lchami 16—25×230 kilometr, amplitudasi 370 metrga teng ko’tarilmasimon balandlikda joylashgan. 5 ta kichik do’ngliklar bilan murakkablashgan. Uyumlar qubbali qatlamda. Arab jubayla, druma svitalari gaz-neftli ohaktoshlari 1550-2050 metr chuqurlikda joylashgan. Gaz uyumi konning Janub chekkasida 3000 metr chuqurlikda Perm davri yotqiziqlaridan topilgan. Qalinligi 50 metrga teng kalkarenitli va oolitli ohaktoshlardan tashkil topgan yotqiziqlar neftga juda boy. Qatlamning dastlabki bosimi 22,5 MPa, o’tkazuvchanligi 800-1500 MD. Neftni zichligi 850-865 kg/m3, qovushqoqligi 6,1—6,6 MPa-s. Kondan 322 ta favvora berayotgan burg’i quduqlaridan gaz va neft olinmoqda. Bir yilda qariyb 280 million tonna neft olinadi. Neft va gaz uzatuvchi quvurlar orqali Ras-Tannura (Fors ko’rfazi qirg’og’i) va Yanbo (qizil dengiz qirg’og’i) portlariga jo’natilmoqda. AQShning «Aramko» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda.