GAVDA TEMPERATURASI

GAVDA TEMPERATURASI — odam va issiq qonli hayvonlar haroratining ko’rsatkichi; organizmda issiqlik uzluksiz hosil bo’lishi va atrofga chiqarib turilishi tufayli Gavda temperaturasi doim bir xidda saqlanadi. Organizmning ichki muhit va teri temperaturasi farq qilinadi. Ichki a’zolar temperaturasi unda kechadigan biokimyoviy jarayonlar jadalligiga qarab o’zgarib turadi. Jigar harorati yuqori (39° gacha), teri temperaturasi ichki a’zolar temperaturasiga nisbatan ancha past bo’ladi. Odatda qo’ltiq, ba’zan og’iz bo’shlig’i, to’g’ri ichak temperaturasi o’lchanadi. Odamda Gavda temperaturasi qo’ltiqdan o’lchanganda aksari 36-36,8° bo’ladi (ba’zi kishilarda 36° dan sal past yoki 37°dan sal yuqori bo’lishi mumkin). Gavda sirtidagi harorat ichki a’zolar temperaturasidan ancha past. Gavda temperaturasi to’g’ri ichakdan o’lchanganda qo’ltiqdagiga nisbatan 0,5—0,8° ortiq chiqishining sababi ham shu. Gavda temperaturasi kun bo’yi ozgina o’zgarib turadi, ertalab kamroq, kunduzi soat 12-16 larda yuqoriroq bo’ladi. Tashqi muhit sharoitlari noqulay bo’lganida yoki kishi jismoniy zo’riqqanda, shuningdek turli kasalliklarda yoki termoregulyasiya buzilganda (gipertermiya) Gavda temperaturasi o’zgaradi. Ko’pincha yallig’lanish va yuqumli kasalliklar haroratning ko’tarilishi bilan kechadi, kasallikka tashhis qo’yishda buning ahamiyati katta. Turli zaharlanishlar, tinkani quritadigan kasalliklarda Gavda temperaturasining pasayishi (gipotermiya) kuzatiladi. Gavda temperaturasi tibbiyot termometri bilan o’lchanadi.