GAMBIYA

GAMBIYA (Gambia), Gambiya Respublikasi (Republic of Gambia) — G’arbiy Afrikadagi davlat. G’arbda Atlantika okeani bilan tutash. Maydoni 11,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,24 million kishi (1997). Poytaxti — Banjul shahri. Ma’muriy Jihatdan 6 viloyatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Gambiya —respublika. Britaniya Hamdo’stligi tarkibiga kiradi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1996 yil 8 avgustdagi referendumda ma’qullangan. Davlat boshlig’i — prezident. U yalpi yashirin ovoz berish yo’li bilan saylanadi. Qonun chiqaruvchi organ — 49 deputatdan iborat milliy Majlis (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Gambiya qit’a ichkarisiga Gambiya daryosi sohili bo’ylab 350 kilometr kirib boradi. Xududi tekislikdan iborat. Yer osti boyliklari kam, faqat ilmenit koni topilgan. Iqlimi ekvatorial-musson iqlim; yozi (iyun—oktabr) seryog’in, qishi (noyab.— may) quruq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, Fevralda 23°. Mamlakat ichkarisida yillik yog’in 750— 1000 millimetr, sohillarda 1300-1500 millimetr. O’simliklari, asosan, akatsiya va Baobablar o’sadigan tipik savannalardan iborat. Gambiya maydonining 29,2% i o’rmon, shundan 34 ming gektar yer qo’riqxonalar bilan band. Maymun, gippopotam, timsoh, parranda va hasharotlar ko’p. Milliy bog’i — River-Gambiya. Aholisi. Asosiy aholisi bantu tillarida gaplashadigan fulbe, volof, Diola, manjak; mande tillari guruhiga mansub malinke, solinke va boshqalar. Rasmiy til — ingliz tili. Aholining 85% musulmon, qolgani an’anaviy mahalliy dinlarga e’tiqod qiladi; xristianlar (4%) ham bor. Shahar aholisi 21,5%. Eng katta shahri — Banjul. Tarixi. Gambiyaning qadimgi va o’rta asrlardagi tarixi kam o’rganilgan. 13-16-asrlarda Gambiya hududi Afrikaning yirik davlati Mali, keyinchalik Songai tarkibida bo’lgan. Qabila-urug’chilik bosqichidagi aholi asosan qishloq xo’jalik va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. 15-asr o’rtalaridan Gambiya hududiga portugallar, keyinchalik inglizlar kirib kela boshladi. 18-asrning 60-yillarida Angliya Gambiyaning bir qismini egalladi va uni mustamlakasiga aylantirdi. 19-asrning 2-yarmida Gambiyaning ko’p qismi ingliz mustamlakachilari qo’liga o’tdi va bu hududda ingliz protektorati o’rnatildi. Aholi mustamlakachilarga qarshi shiddatli kurash olib bordi. 19-asrning 90-yillarida yirik xalq qo’zg’olonlari bo’ldi. Fodi Kabba rahbarligidagi qo’zg’olon 1901 yilga kelibgina bostirildi. 20-asrning 20-yillaridan mamlakatda ozodlik harakati boshlanib ketdi. 1920 yilda Gambiya vakillari Britaniya G’arbiy Afrikasi Milliy Kongressini tuzishda ishtirok etdi. Bu Kongress Afrika xalqdarining siyosiy huquqdarini kengaytirish uchun kurash olib bordi. 2-jahon urushidan keyin, 1963 yil 4 oktabrda Gambiyaga ichki o’zini o’zi boshqarish huquqi berildi. 1965 yil 18 Fevralda mustaqil deb e’lon qilindi. 1970 yil 24 apreldan Gambiya—respublika. 1965 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 18 Fevral— Mustaqillik kuni (1965). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmasi. Vatanparvarlik yo’nalishi va bunyodkorlik yo’lidagi ittifoq partiyasi, 1996 yilda tuzilgan; Gambiya xalq partiyasi, 1986 yilda asos solingan; Xalq taraqqiyparvar partiyasi, 1959 yilda tuzilgan; Birlashgan demokratik partiya, 1996 yilda tuzilgan; Milliy Konvent partiyasi, 1975 yilda asos solingan. Gambiya mehnat Kongressi kasaba uyushmasi, 1935 yilda tuzilgan, Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasi va Afrika kasaba uyushma birligi tashkiloti a’zosi. Xo’jaligi. Gambiya — agrar mamlakat. Mustamlakachilarning uzoq hukmronligi natijasida yer yong’oq etishtirishga ixtisoslashgan xo’jalik vujudga kelgan. Mustaqillikka erishilgandan keyin turli kooperativlar tuzish rag’batlantirildi, yer yong’oq tozalash zavodlari davlat ixtiyoriga olindi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 23%, sanoatning ulushi 14% ni tashkil etdi. Qishloq xo’jaligi — xo’jalikning asosiy tarmog’i. Mayda dehqon xo’jaliklari ko’pchilikni tashkil etadi. Dehqonchilikda ibtidoiy qishloq xo’jalik qurollari ishlatiladi. Haydaladigan yerlar Gambiya hududining 1/5 ini egallaydi. Qishloq xo’jaligida yer yong’oq (1 yilda 100 ming tonnadan ortiq), sholi, shuningdek tariq, maniok, makkajo’xori, oq jo’xori, dukkaklilar, banan va tsitrus o’simliklari o’stiriladi. Moyli palma mevalari teriladi. Sabzavotchilik bilan ham shug’ullaniladi. Qoramol, qo’y, echki, cho’chqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Har yili 30 ming tonna baliq tutiladi. O’rmonlarda tropik daraxtlar yog’ochi tayyorlanadi. Sanoati qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan kichkina korxonalardan iborat. Banjul, Kau-ur va Kuntaurda yer yong’oq tozalash, yer yong’oqdan moy olish zavodlari, objuvoz, taxta tilish zavodlari, ichki kiyimlar va parfyumeriya buyumlari fabrikalari, kemasozlik ustaxonalari, poyabzal va to’qimachilik fabrikalari, alkogolli va alkogolsiz ichimlik zavodlari bor. Hunarmandchilik taraqqiy etgan. Yiliga 67 million. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy transport arteriyasi — Gambiya daryosi, uning quyilish joyidan 350 kilometr masofagacha kema qatnaydi. Temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llarining uzunligi 2,4 ming kilometrdan ortiq. Asosiy dengiz va daryo porti — Banjul. Yundum shahrida xalqaro aeroport bor. Gambiya chetga yer yong’oq va undan olingan mahsulotlar chiqaradi. Chetdan to’qimachilik mahsulotlari, mashina va asbob-uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik va tamaki keltiriladi. Tashqi savdodagi mijozlari: Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSh va boshqalar. Pul birligi — dalasi. Maorifi, matbuoti va radioeshittirishi. Gambiyada majburiy ta’lim joriy etilmagan; 6 yillik boshlang’ich maktabda o’qish pulsiz, 6-7 yillik o’rta maktabda o’qish pulli. Darslar asosan ingliz tilida olib boriladi. Hunar-texnika va pedagogika o’quv yurtlari ham bor. Gambiyada oliy o’quv yurti yo’q. O’rta maktabni tugatganlarning bir qismi oliy ma’lumot olish uchun chet elga yuboriladi. Gambiyada «Gambian tayme» («Gambiya vaqti», haftasiga 2 marta chiqadigan gazeta, 1981 yildan), «Gambiya Nyus» («Gambiya yangiliklari», haftalik hukumat gazeta, 1943 yildan), «Gambiya onuord» («Gambiya taraqqiyot yo’lida», haftalik gazeta, 1968 yildan), «Neyshn» («Xalq», haftasiga 2 marta chiqadigan gazeta, 1964 yildan), «Uorker» («ishchi», haftasiga 3 marta chiqadigan gazeta) gazetalari, «Gambiya autluk» («Gambiya istiqboli», 1922 yildan oyiga 3 marta chiqadi) byulleteni, «Gambiya megezin» («Gambiya jurnali», har chorakda chiqadi) jurnal nashr etiladi. Gambiya daryosi sohilida Gambiya axborot agentligi mavjud. Gambiya radiosi va teleko’rsatuvi hukumat xizmati bo’lib, 1962 yilda tashkil etilgan. Xalq san’ati. Chipta, bo’yra, savat to’qish, ularni rangli qamish naqshlar bilan bezash, yog’och o’ymakorligi, qayiq va uy-ro’zg’or buyumlari yasash keng tarqalgan. Haykaltaroshlik va maska (niqob) ishlash (o’lgan kishining yuzidan gipsga tushirilgan tasvir) bilan ham shug’ullaniladi. Fil suyagi, metalldan zeb-ziynat buyumlari yasaydilar.