UYUSHGAN GURUH

UYUSHGAN GURUH — jinoyatda ishtirokchilik shakli; O’zbekiston jinoyat huquqi bo’yicha (O’zbekiston Respublikasi JK, 29-modda), 2 yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi. Uyushgan guruh birga bajaruvchilik ko’rinishida bo’lishi mumkin. Bunda jinoiy faoliyat bilan birgalikda shug’ullanish uchun uyushgan shaxslarning barchasi oldindan til biriktirib guruhning jinoyatni sodir qilishida bevosita ishtirok etadi. Ayni paytda bunday guruhlar uchun shunday uyushganlik mansubki, unda guruhga qatnashadigan shaxslar muayyan vazifalarga ega, shuningdek, ular o’rtasida martaba-lavozimlar taqsimlanishi amalga oshgan bo’ladi. Ikkala ko’rinishda ham pog’onali tuzilma bo’lishi va u subordinasiya hamda muvofiqlashtirishga asoslangan bo’ysunish kuzatiladi. Biroq, odatda, bunday guruhlarda uyushganlik darajasi, ularning keng tarqalgan bo’lishiga qaramay, jinoiy uyushma bilan qiyoslaganda uncha yuqori bo’lmaydi va shu nuqtai nazardan ular uyushgan jinoyatchilikning quyi «pog’onasi»da turadi. Qurollangan Uyushgan guruhlar tuzish, unga rahbarlik qilish yoki ishtirok etish alohida baholanadi. Guruhning qurollanganligi mazkur guruh a’zolarining hech bo’lmaganda birida qurolning mavjudligi, bu haqda guruhning boshqa a’zolarining bundan aniq xabardorligida ifodalanadi. Qurollangan Uyushgan guruhni tashkil etishning o’ziyoq jinoiy javobgarlikka loyiq qilmish sanaladi.