UMMON

UMMON — Arabiston yarim oolining Janubiy Sharqiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 212,4 ming km2 (g’arbda chegara cho’ldan o’tganligi uchun aniq belgilanmagan). Aholisi 2,7 million kishi (2002). Poytaxti — Maskat shahri. Ma’muriy jihatdan 59 viloyatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Ummon — Sulton boshchiligidagi monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1996 yil 6 noyabrda qabul kilingan. Davlat boshlig’i — Sulton (1970 yildan Qobus bin Sayd). Sho’ro kengashi va Davlat kengashidan iborat Ummon Kengashi maslahat organi mavjud. Ijrochi hokimiyatni Sulton va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Ummon Fors va Ummon qo’ltiqlari, Arabiston dengizi bilan o’ralgan. Shim. qismini Ummon tog’lari (mamlakatning eng baland nuqtasi 3353 metr — Shom tog’i) egallaydi. Ummon qo’ltig’i sohilidagi Albatina pasttekisligida bir qancha vohalar bor. Ummonning Markaziy qismida Rub’ulXoli qumli cho’lining Sharqiy chekkasi, Janubi g’arbida Dofar (Zufar) platosi (balandligi 500-1000 metr va undan ortiq) joylashgan. Yer ostidan neft, tabiiy gaz, mis, xrom, toshko’mir, marganes, qo’rg’oshin, oltin va kumush qazib olinadi. Iqlimi tropik, hududining katta qismida cho’l iqlimi. Havoning o’rtacha temperaturasi iyunda 32°, yanvarda 21° (maksimal temperatura 45-50°). Yillik yog’in — 150 millimetr, tog’li joylarda 500-700 millimetrgacha. Ummonda muntazam oqar daryolar yo’q. Yer osti suvlaridan korizpar yordamida keng foydalaniladi. Tog’lar savanna va barg to’quvchi o’rmonlar, o’tloqlar bilan qoplangan. Vohalarda xurmozor va kokos palmazorlari bor. Dofar platosida smola olinadigan ladan va kommifora daraxtlari o’sadi. Hayvonot dunyosi: sut emizuvchilardan Arab g’izoli (ohu), tulki, chiyabo’ri, sirtlon uchraydi, qo’shoyoq, kaltakesak, ilon, qirg’oqqa yaqin suvda baliq ko’p. Vaziserin qo’riqxonasi tashkil etilgan. Aholisining 90%dan ko’prog’i ummonlar (Ummon arablari). Balujlar, forslar, Hindiston, Pokiston, Afrika mamlakatlaridan kelganlar ham yashaydi. Rasmiy til — Arab tili. Davlat dini — Islom. Aholining aksariyati Ummon qo’ltig’i sohillarida istiqomat qiladi. Shahar aholisi 72%. Muhim shaharlari: Maskat, Salala, Sur, Matrah. Tarixi. Hozirgi Ummon sohilida miloddan avvalgi 4-ming yillikdan shimoliy Afrika, Fors qo’ltig’i mamlakatlari va Hindiston o’rtasida vositachi savdo markazlari mavjud bo’lgan. 6-5-asrlarda u.ning sohil qismlari Axomaniylar hukmronligi ostida bo’lgan. Milodiy 6-asrda Sosoniy Xisrav I Anushirvon (Nushiravon) qo’shinlari tomonidan vayron qilindi. 7-asr o’rtalarida Ummon Arab xalifaligi tarkibiga kiritildi, Islom dini tarqaldi. 8-asr o’rtalarida xalifa noibiga qarshi qo’zg’olondan so’ng Ummon mustaqil davlat — imomlikka aylandi, uni Imom idora qila boshladi. 9-asr oxirida Abbosiylar Ummonni o’ziga itoat qildirdi. 11-asr oxiriga kelib mamlakat yana mustaqillikka erishdi. 1515 yil Ummonning barcha sohil qismini portugallar bosib oldi. 1650 yil ozod qilindi. 18-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniya bilan Frantsiya Ummonni egallash uchun o’zaro kurash boshladi. 1792 yil imomning ukasi Sulton ibn Ahmad Ummon sohillarini, jumladan, Maskat va As-Sohar shaharlarini egallab, alohida davlat — Maskat sultonligi tuzilganligini e’lon qildi. Ayni vaqtda vahhobiylar egallab olgan Fors qo’ltig’i va Ho’rmuz bo’g’ozi sohillari Ummondan ajralib chiqdi. Shu tariqa 19-asr boshlariga kelib, mamlakat Ummon imomligi, Maskat sultonligi, Ummonning shimoliy sohili (ingliz adabiyotida «qaroqchilar sohili» deb ataladigan hudud)ga bo’linib ketdi. 19-asrning 2-yarmida Maskat bilan «qaroqchilar Sohili» Angliya protektorati (Maskat va shartnomali Ummon—hozirgi Birlashgan Arab Amirliklari)ga aylantirildi. Ummon imomligining sohil bo’ylaridan mahrum bo’lishi uning savdosotiqdagi mavqeiga putur yetkazadi. 1865, 1886, 1890 yillarda Ummonda mustamlakachilarga qarshi xalq qo’zg’olonlari bo’lib o’tdi. Qo’zg’olonchilar Maskatni Ummon bilan birlashtirish va Maskat bilan Buyuk Britaniya o’rtasida tuzilgan asoratli shartnomani bekor qilinishini talab qildilar. Ammo qo’zg’olonlar har safar shafqatsizlik bilan bostirildi. 1913 yil Imom Salim alxarusiy boshchiligidagi Ummon qabila qo’shinlari Maskatning ko’p qismini ozod qildilar. 1920 yil 25 sentabrda ingliz mustamlakachilari bilan Maskat sultoni Assib qishlog’ida Ummon imomligini mustaqil davlat deb tan oluvchi shartnomani imzoladilar. Biroq Ummonda yirik neft konlari ochilgach, Angliya qo’shinlari Assib shartnomasini buzib, 1955 yil kuzda Ummonga bostirib qira boshladi, ingliz ask’arlari va Maskat sultoni Sayd ibn Taymur lashkarlari Ummonning Nazva, rustoq va boshqa shaharlarini egallab oldi. Ummon aholisining bir qismi Imom g’olib ibn Ali boshchiligida bosqinchilarga qarshi kurash boshladi. 1959 yilga kelib imomlik hududining anchagina qismi inglizlar qo’liga o’tdi. Ko’p ummonliklar vatanini tark etishga majbur bo’ldi. 1958 yildan Ummon taqdiri masalasi BMTda bir necha bor muhokama qilindi. Osiyo va Afrika mamlakatlarining talabi bilan BMT Bosh Assambleyasining 18-sessiyasi Ummon masalasi bilan shug’ullanuvchi maxsus qo’mita tuzdi. BMT Bosh Assambleyasining 20-sessiyasi (1965) Ummon hududidan ingliz qo’shinlarini chiqarib yuborish va Ummonga mustaqillik berish haqida qo’mita taklifini ma’qulladi. 1970 yil oxirida Maskat sultonining o’gli Qobus bin Sayd Maskat sultonligi bilan Ummon imomligini birlashtirib, Ummon Sultonligi tuzilganini e’lon qildi. Ummon — 1971 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 18 — noyabr — Milliy kun (1970). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari yo’q. Xo’jaligi. Ummon neft va gaz sanoati rivojlanayotgan agrar mamlakat. Yirik neft konlari ochilganligi tufayli 1967 yildan neft va gaz qazib olish rivojlana boshladi. Yalpi ichki mahsulotda neft va gaz sanoatining ulushi 38,5%, qishloq xo’jaligining ulushi 2,9%. Hududining 0,1% da dehqonchilik qilinadi, aholining 75% qishloq xo’jaligida band. Sug’oriladigan yerlarda yer osti kanallari (korizlar) yordamida voha dehqonchiligi yo’lga qo’yilgan. Eksport uchun xurmo (finik palmasi), limon va tamaki ekiladi. Ichki ehtiyoj uchun tariq, bug’doy, arpa, sabzavot, poliz ekinlari, makkajo’xori, paxta, shakarqamish, meva ham yetishtiriladi. Ko’chmanchi badaviylar chorvachilik (qo’y, echki, tuya boqish) bilan shug’ullanadi. Dengizdan baliq ovlanadi. Ishlab chiqarish sanoatida quvur va plastmassa mahsulotlari, shuningdek, kimyo, neftni qayta ishlash, Tsement zavodlari, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi, konditer, unyorma, metallsozlik, mashinasozlik, kemasozlik korxonalari bor. Yiliga o’rtacha 7,8 milliard. kVtsoat elektr enrgiya hosil qilinadi. Avtomobil yo’llari uzunligi 30,8 ming kilometr; temir yo’l yo’q. Asosiy dengiz portlari — Maskat va Matrah. Maskat yaqinidagi Assib shahrida xalqaro aeroport bor. Ummon chetga neftdan tashqari neft mahsulotlari, rangli metall, xurmo, quritilgan baliq, tamaki, tsitrus mevalar chiqaradi. Chetdan mashina va uskuna, transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, gazlama, qurilish materiallari oladi. Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, AQSh bilan savdo qiladi. Pul birligi — Ummon riali. Maorifi. 1970-yillardan xalq Maorifini rivojlantirish chora-tadbirlari ko’rila boshladi. Diniy maktablar bilan bir qatorda dunyoviy o’quv yurtlari ochildi. Bolalarga ta’lim berish, ularni darslik, maktab kiyimlari va boshqalar bilan ta’minlashni davlat o’z zimmasiga olgan. Yoshlarga kasb-hunar o’rgatuvchi ta’lim markazlari ochilgan. Ilmiy tadqiqot ishlari Maskat shahridagi Ummon madaniy merosi direktorati, Ummon tarixiy assosiasiyasi va boshqa muassasalarda olib boriladi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ummonda nashr etiladigan asosiy gazetalar: «Alvatan» (Arab tilidagi kundalik gazeta, 1971 yildan), «Ummon» (Arab tilidagi kundalik gazeta), «Oman Deyli Observer» («Ummonning kundalik sharhlovchisi», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1981 yildan), «tayme ofomon» («Ummon vaqti», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1975 yildan). Davlatga qarashli Ummon axborot agentligi 1984 yil tuzilgan. Ummon Sultonligi radiosi 1970 yil, Ummon televideniyesi 1974 yil tashkil etilgan. Madaniyati. Ummon adabiyoti va san’ati umumarab madaniyatining bir qismi sifatida rivojlanib kelgan. Ummonning Janubi g’arbidagi Dofar viloyatida milodning dastlabki asrlarida ravnaq topgan Al- Balid, Rubat, Taki shaharlari, xorrori (qadimgi Samxaram) portining xarobalari saqlanib qolgan. Toshdan ibodatxonalar (jumladan, oy ma’budasiga bag’ishlangan ibodatxonalar) qurilgan, jez haykallar yasalgan (bo’laklari topilgan). 7-asrda Islom dini qabul qilingach, masjid va madrasalar barpo etila boshladi. 16-asrdan boshlab, portugallar hukmronligi davrida dengiz sohilidagi Maskat, Ra salxayma, Matrah shaharlarida, mamlakat ichkarisidagi Nazva, Ibrida mahobatli tosh qo’rg’onlar kurildi. Ummon shaharlari, asosan, o’rta asr qiyofasini saqlab qolgan. Shaharlardagi uylar 2-3 qavatli, deraza va ayvonlariga panjara tutilgan. Sohilda o’rnashib olgan baluj va afrikaliklar qamish va bordondan yasalgan, tomi palma yaprog’i bilan yopilgan kulbalarda yashaydilar. Qadimgi badiiy hunarmandchilikdan zargarlik (zeb-ziynat buyumlari, qurol, ayniqsa, sopiga o’yib naqsh solingan chiroyli pichoqlar), mis va sopoldan sirlangan idish, charm buyum (egarjabduq, qamchi, shippak)lar yasash, kashtachilik, yog’och o’ymakorligi kasblari saqlanib qolgan.