AKSIZ

AKSIZ — keng iste’mol tovarlari va xizmatlaridan olinadigan egri (bilvosita) soliq turlaridan biri. Tegishli mahsulotning bahosi, xizmatning haqi yoki tarifhing tarkibiga kiritiladi. Odatda, yuqori rentabelli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarning yuqori foydasini budjetga olish uchun sotilayotgan mahsulotlarning sotish bahosiga davlat tomonidan o’rnatiladi. O’zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan va import qilingan aksiz to’lanadigan mahsulotlarga aksiz solig’i solinadi. Aksiz to’lanadigan tovarlar ishlab chiqarayotgan yoki bunday mahsulotlarni import qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar budjetga aksiz solig’ini to’laydi. Aksiz to’lanadigan tovarlar ro’yxati va aksiz solig’i stavkalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunday tovarlar jumlasiga ichimlik spirti, aroq, likyor-aroq mahsulotlari, uzum vinosi, kon’yak, shampan vinosi, pivo, ikra, tamaki mahsulotlari, yengil va yuk avtomobillari, zeb-u ziynat buyumlari, neft va neft mahsulotlari hamda shu kabilar kiradi. O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan aksiz to’lanadigan tovarlar uchun ularning qo’shilgan qiymat solig’i hisobga olinmagan holdagi (aksiz solig’i summasini o’z ichiga olgan) qiymati yoki mahsulotning tabiiy hajmi soliq solish obyekti hisoblanadi. Ushbu soliq davlatga shunday mahsulot ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar tomonidan to’lanadi hamda narxning oshirilishi bilan aholi gardaniga yuklatiladi. Sigaret, aroq, tuz, choy kabi mahsulotlar aksiz solig’i obyektidir. Masalan, sigaretning narxi 50 so’m bo’Isa, unga davlat 10 so’m aksiz solig’i soladi, natijada u 60 so’mdan sotiladi va 10 so’m davlat budjetiga daromad sifatida tushadi.