AJRIQ
AJRIQ (Cynodon dactylon (L.) Pers.) — boshoqdoshlarga mansub ko’p yillik ildizpoyali begona o’t. Barglari lentasimon, dag’al, chetlari o’tkir-g’idirish. 3-8 boshoqsimon shoxchalardan iborat to’pguli poya uchida joylashgan. Mevasi — doncha. Iyundan to kech kuzgacha gullab meva tugadi. Asosan ildizpoyasi, qisman urug’i yordamida (urug’i ko’pincha chang qorakuya kasalligi bilan zararlanadi) ko’payadi. Yer osti ildizpoyalari gorizontal yoki qiyshiq joylashgan novdalar hosil qiladi. Bu novda bo’g’imlaridan yer ustiga o’simtalar o’sib chiqadi. Shuningdek, yer ustiga chiqqan novda bo’g’imlarida iddiz rivojlanadi va barg qo’ltig’idan gul beruvchi poya o’sadi. O’zbekistonda Ajriq hamma yerda tarqalgan. Juda ko’p ekinzorlar orasida o’sib, tuproqdagi oziq moddalarni kuchli so’radi va yerni oriqlatadi. Kurash choralari: hosili yig’ib olingan yerni haydash, maxsus taroqlagich yoki tishli borona yordamida ildizpoyalarni yig’ib olish; dalalarga dalapon (40-50 kilogramm/gektar) sepish. Preparat purkalgandan so’ng dala boronalanadi.