MILLIY BOYLIK
MILLIY BOYLIK — jamiyat ixtiyoridagi mehnat bilan yaratilgan va jamg’arilgan moddiy ne’matlar majmuyi. Milliy boylik aholi turmushi, moddiy va ma’naviy darajaning negizi, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning moddiy asosi va natijasidir. Moddiy boylik tarkibiga asosiy ishlab chiqarish fondlari, fan, maorif, sog’liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at, dam olish va shu kabi muassasalarga tegishli bino, inshoot va uskunalar, ishlab chiqarish sohasidagi moddiy aylanma mablag’lar, zaxiradagi moddiy resurslar kiradi. Shuningdek, aholi ixtiyoridagi xizmat muddati bir yildan ortadigan uy-joy va ro’zg’or buyum-anjomlari ham milliy boylik tarkibiga kiradi. Xo’jalik faoliyatiga tortilgan tabiiy resurslar ham milliy boylik hisobiga kiritiladi.