Paxta

Paxta — muhim texnika ekini va tolasi. Paxta tozalash zavodlarida chigit toladan ajratib olinadi. Paxta to`qimachilik sanoatining eng arzon va keng tarqalgan xom ashyosidir. Har yili butun dunyoda tayyorlanadigan barcha to`qimachilik tolalarining qariyb yarmini paxta tolasi tashkil etadi. Paxta tolasidan har xil gazlama, texnik to`qimalar — kord, transportyor lentalari, tasmalar kabi turli-tuman (jami 50 ga yaqin) buyumlar olinadi. Chigit tarkibida 24-49% moy bo`lib, undan 45 dan ortiq mahsulot (paxta moyi, shulxa va b.) tayyorlanadi. Hozir 80 dan ortiq mamlakatda paxta yetishtiriladi. Dunyoda yetishtiriladigan paxtaning 9/10 qismini MDH mamlakatlari, AQSh, Hindiston, Pokiston, Meksika, Misr, Braziliya, Turkiya beradi.