DIKTATOR

DIKTATOR (lot. dictator – buyuraman) — 1) Qadimgi Rimda yuqori lavozimdagi shaxs. Urushda va mamlakat ichida davlat uchun katta xavf tug’ilgan, juda mushkul favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan paytlarda tayinlangan. Diktator ayni bir vaqtda oliy fuqarolik, harbiy va sud hokimiyatiga ega bo’lgan. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ham Diktatorning qo’lida bo’lgan, u o’ziga qarshi qaratilgan har qanday, hatto qonuniy xattiharakatlardan ham qo’rqmagan. Diktatorlik lavozimiga avval faqat patritsiylar, miloddan avvalgi 356- yildan esa plebeylar ham qo’yilgan. Miloddan avvalgi I asrda muddatsiz diktatura ham bo’lgan (masalan Sezar diktaturasi); 2) cheklanmagan hokimiyatga ega bo’lgan yakka hukmron shaxs, hokimi mutlaq; 3) ko’chma ma‘noda – o’z xohish-irodasini boshqalarga majburan qabul qildiruvchi shaxs.