SHOVINIZM
SHOVINIZM (fr. saiu1shte) — Napoleon I bosqinchilik siyosatining muxlisi fransuz askari N.Shoven (Chauvion) nomidan olingan. Millatchilikning o’ta agressiv shakli. O’zga millatlarni kamsitish, tahqirlash, o’z millatini boshqa millatdan ustun qo’yish, milliy kalondimog’lik, milliy xudbinlik illatlarini o’zida mujassam etadi. Shovinistlar g’oyaviy-nazariy jihatdan milliy manfaat va ustuvorlikka xizmat qilib, o’z g’oyalarini tazyiq va zo’ravonlik orqali amalga oshiradi. ―Shovinizm termini XIX asrning 30- yillari Fransiyada paydo bo’ldi. Keyinchalik bu so’z milliy ekstremizmning turli ko’rinishlarini ifodalashda qo’llanila boshladi. Shovinizm biror boshqa millatning tarixiy taraqqiyot yutuqlari, insoniyat sivilizasiyasiga qo’shgan hissasi, jahon tarixidagi o’rni, milliy, ma‘naviy va madaniy qadriyatlarini poymol qilishga harakat qilib, ayrim jihatlari bilan natsizm va fashizmga ham o’xshab ketadi. Shovinizm ko’p millatli davlatda ko’pincha bir millatning ustuvorligiga, cheksiz imtiyozlarga ega bo’lishiga olib keladi. Ba‘zan esa muayyan davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy manfaatlarini milliy manfaatlar niqobi ostida namoyon etib, o’zga davlatga tazyiq o’tkazishi ham mumkin. Bu hol buyuk davlatchilik Shovinizmi sifatida ta‘riflanadi. Shovinizm XX asrda dunyoning turli davlatlari va mintaqalarida o’zining mudhish maqsadlarini amalga oshirdi. Ushbu mafkuraning belgilovchi tamoyili — barcha buyuk davlatlar uchun umumiy bo’lgan quyidagi jihatlardir: o’z millatining mutlaqligi va ustunligini e‘tirof etish; ―kichik xalqlarning yutuqlari va manfaatlarini mensimaslik; o’zining mustamlakachilik intilishlarini yanada yuksak madaniyatga oshno qilish borasidagi ―oliyjanob maqsadlar bilan oqlash; ishg’ol qilingan xalqlarga nisbatan ―qamchi va ―shirin kulcha‖ siyosatidan foydalanish, ongni sezdirmay boshqarish va h.k.lardan foydalanilmoqda. Shovinizm muayyan millatning mislsizligi va beqiyosligini targ’ib qilishda namoyon bo’ladi. Shovinizmning mohiyati bir etnos manfaatlarini boshqa xalqlar manfaatlaridan ustun qo’yishda , boshqa millatlarga nisbatan past nazar bilan qarash va nafratni targ’ib qilishda ko’rinadi. Shovinizm atamasi asosan millatchi ekstremistlarga nisbatan qo’llanadi. Mustamlakachilik yurishlari paytida Shovinizm ko’pgina G’arb davlatlarining rasmiy mafkurasiga aylangan.