DEFLYATSIYA
DEFLYATSIYA (iqtisodiyotda), dezinflyatsiya — inflyatsiya davrida hokimiyat tomonidan amalga oshiriladigan bir qator tadbirlar uyg’unligi. Inflyatsiya davrida chiqarilgan muomaladagi ortiqcha qog’oz pulni kamaytirish; davlat tomonidan muomaladagi pul miqdorini kamaytirishga qaratilgan moliya va pul-kredit tadbirlari (soliqlarni oshirish, qimmatli qog’ozlar sotish, tovar narxlari darajasini pasaytirish, ish haqi o’sishiga yo’l qo’ymaslik, tashqi savdoni jonlantirish, banklar hisob stavkasini oshirish, omonatlar o‗sishini rag’batlantirish va boshqalar). Statistik jihatdan Deflyatsiya muomaladagi pul massasi umumiy hajmining yalpi mahsulot, tovar muomalasi va pulli xizmatlar qiymatlari yig’indisiga nisbati bilan ifodalanadi. Odatda, Deflyatsiyani davlatlar pul islohoti arafasida o’tkazadi. II jahon urushidan keyin ko’pgina boshqa davlatlarda ham muomaladagi pul miqdorini kamaytirish, tovar narxining o’sishini susaytirish va boshqa tadbirlar amalga oshirildi. O’zbekistonda yangi so’m muomalaga kiritilgunga qadar Deflyatsiya tadbirlari amalga oshirildi.