ALHON

ALHON (Arabcha — kuylar, ohanglar; lahn so’zining ko’pligi) — Sharq xalqlari vokal va cholg’u musiqasining umumiy ifodasi. Alhon kuy, qo’shiq ma’nolaridan tashqari, she’rni ohangli o’qish, hofizlarning «Qur’on» o’qishi, bulbulning sayrashi, xutba o’qish kabilarni ham o’z ichiga oladi. Alhonning turlari ko’p: Alhon basitiy (oddiy Alhon) — cholg’u kuyi yoki she’rni ohangga solib o’qish; Alhon jirmiy (to’liq Alhon) — she’r va ritm-usullarni mujassamlantirgan musiqa asari; Alhon infioliya (g’amgin, ma’yus Alhon); Alhon mulazza (lazzatbaxsh Alhon) — go’zallikni ifodalaydigan va noziq his-tuyg’ular qo’zg’atadigan musiqa asarlari; Alhon muhayyila (tasavvur ettiruvchi Alhon) — insonni xayolga cho’mdiruvchi musiqa asarlari; Alhon xattiy (eng oddiy Alhon) — vokal musiqa asarlarini tashkil etuvchi elementlar — har bir nag’ma, usul va she’rning yakka-yakka holdagi ifodasi. Alhon qadimgi risolalarda parda (maqom) uyushmalarini, sozanda, xonandalarning ijro mahoratini oshiradigan mashqlarni ham ifodalagan. Ad.: Mahmud Koshg’ariy, Devonu lug’otit turk, T., 1963; Alisher Navoiy, Muhokamatul-lug’atayn, T., 1948; Rajabov Ishoq, maqomlar masalasiga doir, T., 1963.