HUQUQ
HUQUQ — davlatning irodasini ifodalaydigan va uning kuch bilan himoya qiladigan umumiy majburiy normalar majmuasi (tizimi). Huquq to’g’risidagi bunday tasavvur mamlakatimiz yuridik adabiyotidagina emas, xorijiy yuridik adabiyotida ham juda keng tarqalgan. Huquqni ijtimoiy hodisa va tushuncha sifatida tahlil etishda, uning quyidagi belgilari va xususiyatlari alohida ajratib ko’rsatiladi. Huquq — avvalo fe‘l-atvor normalari yoki qoidalari majmuasi, aniqroq qilib aytganda – sistemasidir. Bular normalarning tasodifiy yig’indisi emas, balki muayyan fe‘l-atvor qoidalarining qat‘iy sinovdan o’tkazilib, tartibga solingan majmuasidir. Har qanday tizim kabi u ham bir tartibga solingan, o’zaro bog’langan va bir-biri bilan hamohang amal qiladigan elementlar (unsurlar)dan hosil bo’ladi. Huquq normalari yoki fe‘l-atvor qoidalari ham huddi shunday bo’ladi. Tizim ichki tomondan yaxlit va ziddiyatsiz bo’lishi kerak. Uning ayrim tarkibiy unsurlari — normalari o’rtasida vujudga keladigan aloqalar normalarning o’zi kabi tartibga soluvchilik vazifalarni va boshqa vazifalarni boshqarishga, yagona maqsadga erishishga qaratilishi kerak. Huquq – davlat belgilab qo’ygan yoki ijozat bergan normalar tizimi. Ko’pdan-ko’p turli ijtimoiy normalar mavjud, ammo faqat huquqiy normalarni davlat belgilab beradi. Boshqa normalarning hammasi turli nodavlat tashkilotlar-jamoat birlashmalari, partiya tashkilotlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan belgilanadi va rivojlantiriladi. Huquqiy hujjatlar referendum yo’li bilan ham qabul qilinishi mumkin. Huquq doimo uning asosi bo’lmish davlat irodasini ifodalaydi, uning irodasi esa o’z navbatida, mamlakatimiz va chet el yuridik fanidagi konsepsiyalarga binoan, hukmron guruh, jamiyat, xalq yoki millat irodasini mujassamlashtiradi. Davlat va huquqning mavjudligi hamda faoliyat yuritishidagi jahon tajribasidan ma‘lumki, Huquqda avvalo hukmron yuqori tabaqaning irodasi ifodalanadi. Shu bilan bir hukmron yuqori tabaqa ijtimoiy portlashlardan va o’zining imtiyozli mavqeyini yo’qotib qo’yishdan xavfsirab, ko’pincha qo’l ostidagilarning irodasi va manfaatlari bilan hisoblashishga majbur bo’lishi ham inkor etib bo’lmaydigan holatdir Huquq umumiy majburiy xarakterdagi normalar yoki fe‘l-atvor qoidalari tizimidan iborat. Umumiy majburiy degan tushuncha huquq normalarida bayon etilgan talablarning jamiyat barcha a‘zolari tomonidan albatta bajarilishini bildiradi. Bu tushuncha huquq normasi bilan birga vujudga keladi, u bilan birga rivojlanadi va o’zgarib boradi. Huquq davlat tomonidan himoya qilinadi va ta‘minlanadi, huquq normalarida bayon etilgan talablar buzilgan taqdirda, davlatning majburlash choralari bilan qo’llab-quvvatlanadi. Davlat o’zi chiqaradigan yoki ijozat beradigan hujjatlarning taqdiriga befarq qaray olmaydi, ularni amalga oshirilishi uchun barcha sharoitni yaratadi, ularni buzulishdan himoya qiladi va ularni kafolatlaydi. Davlatning majburlash choralari bu borada keng foydalaniladigan usullardan biridir. Bu usul faqat qonun doirasida va asosida, shuningdek, qonunda ko’zda tutilgan protsessual qoidalarga muvofiq ravishda harakat qiladigan va buning uchun vakolat olgan organlar tomonidan qo’llanilishi lozim.