VETO
VETO (lot. veto — taqiqlayman) — yuqori palata yoki davlat boshlig’ining tegishlicha quyi palata yoki parlament tomonidan qabul qilingan qonunni (qonun loyihasini) ma‘qullashni rad etishi yoki kuchga kirishga yo’l qo’ymaydigan harakat. Bu parlament yuqori palatasining quyi palataga yoki davlat boshlig’i (monarx, prezident)ning parlamentga qonun chiqarish jarayonida qo’llaniladigan ta‘sir ko’rsatish vositasi hisoblanadi. Davlat boshlig’iga parlament qabul qilgan qonunlarga Veto qo’yish (qarorlarni taqiqlash) huquqining berilishi alohida muhim ahamiyat kasb etadi. Vetoning mutlaq (yoki rezolotiv), bunda davlat boshlig’i parlament qabul qilgan qonunni uzil-kesil qaytarish huquqiga ega bo’ladi va nisbatan (kechiktiradigan yoki suspensiv) turlari farqlanadi. Bunda davlat boshlig’ining qonunni tasdiqlashni rad etishi uning kuchga kirishini to’xtatadi, xolos. Chunki, parlamentga bu qonunni ikkinchi marta ovoz berish bilan qabul qilish huquqini beradi. Bunda qonun loyihasini ikkinchi (yakuniy) ovoz berish bilan qabul qilishda qator parlamentlarda ovozlarning alohida ko’pchiligi (masalan, AQSH va RFda har bir palataning 2/3 ovozi) talab qilinadi. Davlat boshlig’ining fikricha qonunning konstitutsiyaga zidligi, uning huquqiy hujjat sifatida takomiliga yetkazilmagani, boshqa qonunlarga uyg’unlashtirilmagani, tegishli munosabatlarni qonun bilan tartibga solishning asossizligi, qonunning bajarilishi moddiy va tashkiliy jihatdan ta‘minlanmaganligi, qonunni ko’rib chiqish va qabul qilishning belgilangan tartibtaomiliga parlament tomonidan rioya etilmaganligi Veto sabablari bo’ladi. Ko’pgina parlamentariylar va tadqiqotchilarning fikricha, qonunning davlat boshlig’i tomonidan rad etilishiga faqat uning konstitutsiyaga zidligi yoki qonunni qabul qilish tartibi buzilganligi asos bo’lishi mumkin. Parlament qabul qilgan qonunni imzolash va e‘lon qilishning davlat boshlig’i tomonidan rad qilinishi qonunning parlamentda, uning palatalarida qayta muhokama qilinishi yakunlari bo’yicha o’tkaziladigan ovoz berish orqali bartaraf etilishi mumkin. Bunda ba‘zi mamlakatlarda parlament (uning palatalari) a‘zolari umumiy sonining oddiy (masalan, Italiya, Vengriya), boshqalarida asosiy (masalan, AQSH, RF) ko’pchiligining ovozlari talab qilinishi mumkin. AQSHda tadqiqotchilar Prezidentning ―cho’ntakdagi vetosi deb atagan imkoniyat bor: agar Kongress sessiyasining tanaffusigacha qonun loyihasini imzolash uchun Prezidentga ajratiladigan 10 kundan kam vaqt qolgan, Prezident uni imzolamay qoldirgan bo’lsa, Kongress bu qonun loyihasini keyingi sessiyada qabul qiladi. Ba‘zi mamlakatlarda (masalan, Fransiya, Qozog’iston) Prezidenti tanlama Veto deb ataluvchi huquq bor. Bunda u qonun loyihasining ayrim moddalari va qoidalariga Veto qo’yadi. Yuqori palataning quyi palatada qabul qilingan qonun loyihasini ma‘qullashni rad etishi ham nisbiy Vetoning bir turi hisoblanadi: qonun (qonun loyihasi) quyi palatada qayta ko’rib chiqilishi va ovozlarning asosiy ko’pchiligi bilan qabul qilinishi mumkin — shu asnoda yuqori palataning qarori bartaraf etiladi. Shuningdek, umumiy va qisman (tanlov) Vetolari ham bor. Umumiy V faqat hujjatning hammasini butunlayicha rad etilishini, ikkinchisi esa biror hujjatning alohida qismi yoki moddasi rad etilganligini anglatadi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Veto atamasi bevosita qo’llanilmagan bo’lsa-da, qonunning yuridik kuchga ega bo’lishi bilan bog’liq jarayon uning 84-moddasida batafsil bayon qilingan. Chunonchi, Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma‘qullanib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e‘lon qilingach, yuridik kuchga ega bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e‘tiboran o’n kundan kechiktirmay O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma‘qullagan qonun imzolanishi va e‘lon qilinishi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga o’n kun ichida yuboriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun o’ttiz kun ichida imzolanadi va e‘lon qilinadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O’zbekiston Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko’rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan qonunni yana ma‘qullasa, qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e‘lon qilinishi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a‘zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko’rib chiqilishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o’z e‘tirozlari bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a‘zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan ma‘qullansa, qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o’n to’rt kun ichida imzolanishi va e‘lon qilinishi kerak. Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matbuotda e‘lon qilinishi ular qo’llanilishining majburiy shartidir.