Dashti Qipchoq
Dashti Qipchoq-Sirdaryoning quyi oqimi hamda Balxash ko’lidan Dnepr daryosining quyi oqimlarigacha bo’lgan hududlarning XI-XVI asrlardagi nomi. Bu yerlarda ko’chmanchi qipchoq qabilalari yashagani uchun u yerlar shunday deb atalgan. Dashti Qipchoq atamasini dastlab Nosir Xusrav (1003-1088) qo’llagan. Shu davrdan boshlab arab va fors tillaridagi asarlarda bu atama keng qo’llanilgan. Dashti Qipchoq ikki qismdan: 1) Sharqiy qism – Yoyiq daryosidan to Sirdaryoning quyi oqimi va Balxashgacha bo’lgan yerlar; 2) G’arbiy qism – ya’ni Yoyiq va Volgadan to Dneprgacha bo’lgan yerlardan iborat bo’lgan. Dashti Qipchoqning bir qismini XIII asrning 20-yillarida Jaba Nuyon va Subutay bahodir boshchiligidagi mo’g’ullar bosib olgan. 1236 yili Dashti Qipchoqni Chingizxonning nabirasi Botuxon egallaydi va bu ulkan hududda tarixda Jo’chi ulusi nomi bilan mashhur bo’lgan Oltin O’rda davlati tashkil topadi. XIV asrning boshlarida Jo’chi ulusi ikki qismga bo’linib ketadi. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida Oq O’rda davlati tashkil topdi. XIV asrning 60-yillaridan boshlab Dashti Qipchoqning sharqiy qismidagi bu Oq O’rda davlati tarixiy manbalarda “o’zbeklar mamlakati” deb, uning aholisi esa “o’zbeklar”, aniqrog’i “Dashti qipchoq o’zbeklari” deb atala boshlandi. XI asrning 20-yillaridan boshlab, Sharqiy Dashti Qipchoqni asta-sekin Abulxayrxon egalladi va u bu hududda ko’chmanchi o’zbeklar davlatiga asos soldi. Abulxayrxon vafotidan keyin (1468 yil) Sharqiy Dashti Qipchoqda uning avlodlari va qarindoshlari hukmronlik qildilar. Dashti Qipchoqning asosiy aholisi ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi bo’lib, chorvachilik va ovchilik, daryo va ko’l bo’ylaridagi aholi esa dehqonchilik, shaharlardagi aholi hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullangan.