Muhammad Yusuf
Muhammad Yusuf (taxallusi; asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon) (1954.26.4, Marhamat tumani — 2001.31.7, Ellikqal’a tumani) — O’zbekiston xalq shoiri (1998), jamoat arbobi. Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-80), «Toshkent oqshomi» gazetasi (1980-86), G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti (1986-95) da turli lavozimlarda ishlagan. 1995— 97 yillar «Tafakkur» jurnalida bo’lim mudiri, 1997-2001 yillarda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais o’rinbosari. 2-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Muhammad Yusufning dastlabki she’rlari «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning she’r, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Ilk she’rlar kitobi — «tanish teraklar» (1985). «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko’nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko’p ekan», «yolg’onchi yor» (1993), «Erka kiyik» (1995) va «osmonimga olib ketaman» (1998) she’riy kitoblari nashr etilgan. Mazkur kitoblarga kirgan she’rlarda Muhammad Yusuf mansub bo’lgan avlodning eng olijanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, O’zbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuyg’u hamda kechinmalari o’zining yorqin ifodasini topgan. So’zning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuyg’ular tinikligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini lo’nda va yakkrl ifodalay bilish Muhammad Yusuf she’riy uslubining etakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat she’rlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda. Muhammad Yusuf ijodi ayni gullab yashnagan paytda, Ellikqal’a tumanida she’riyat muxlislari bilan uchrashish maqsadidagi ijodiy safarida vafot etgan. Andijonda dafn etilgan. Toshkent shahri va marhamat tumanidagi ko’chalardan biri, shuningdek, Andijon shaxridagi bolalar kutubxonasi va marhamat tumanidagi san’at maktabi Muhammad Yusuf nomi bilan ataladi. As: Saylanma, T., 2001.