Qamchibek Kenja (1946)
Qamchibek Kenja 1946 yil 15 avgustda Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Gurkurov qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1969).
«O‘zbekiston madaniyati» (hozirgi «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati») gazetasida, Andijndagi maktablarda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Badiiy adabiyotni targ‘ib etish byurosining Andijon viloyatidagi vakili bo‘lib ishlagan. 1983 yilda yana Toshkentga kelib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 1985 yildan 2006 yilgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limiga rahbarlik qildi.
Dastlabki she’riy to‘plami — «Sog‘inch» (1975). Yozuvchining «Yashil barg» degan birinchi hikoyalar to‘plami esa 1977 yilda nashr etilgan. «Ko‘ngil ko‘chalari» (1979), «Ishking tushsa» (1981), «Orzumandlar» (1982), «Notanish gul» (1986), «Tog‘ yo‘lida bir okshom» (1987), «Sohildagi suv parisi» (1993), «Qizil gullar» (1995), «Soxibjamol ayol siri» (1996), «Kulgibaxsh umr» (1997), «Boburiylardan biri» (2000), «Baxt kushi yoki ushalgan orzular» (2001), «Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar» (2005), «Saylanma» (1-kitob, 2006), «Toshqin» (qissa, 2010), «Ko‘ngil kechinmalari» (2011.) «Palaxmon» (roman, 2011), «Jasorat» (ma’rifiy-biografik qissa, 2012) kabi nasriy va she’riy asarlar muallifi. Safarnomalar yozgan («Hind sorig‘a», «Buyuklar izidan» va boshqa).
A. S. Pushkin, X. Xeyne, Sh. Petefi, V. Bryusov, M. Svetlov kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
«Shuhrat» medaliga sazovor bo‘lgan. Xalqaro Bobur mukofoti bilan taqdirlangan.