ANAMORFIRLASH

ANAMORFIRLASH (Yunoncha Anamorphoo — o’zgartiraman) — ob’yekt tasvirining konfigurasiyam (o’lchamlari, shakli) ni optik yoki boshqa usulda o’zgartirish. Anamorfirlash maxsus optik sistemalar yordamida, shu bilan birga jism yoki tekisliklarni qiyalashtirish yo’li bilan amalga oshiriladi. Anamorfirlashda tsilindrik linzalar, optik ko’zgular, ponasimon shishalar va boshqa optik moslamalardan foydalaniladi. Tasvirning o’zaro perpendikulyar yo’nalishdagi chiziqli kattalashtirishlari nisbati Anamorfirlash koeffisienti deyiladi. Tasvirni gorizontal yoki vertikal yo’nalishlarda bir tekis siqib yoki cho’zib Anamorfirlash (ayniqsa, kinotexnikada) keng tarqalgan. Oddiy kinoplyonkaga gorizontal tekislikda siqilgan tasvir tushirilib, uni ekranda proektor orqali ko’rsatilganda, yoyish yo’li bilan tomonlarining o’lchamlari nisbati 2,35:1 bo’lgan tasvir hosil qilinishi mumkin. Bunday o’zgartirishlar, odatda, maxsus moslama yordamida amalga oshiriladi. Ekran tekisligini qiyalatib Anamorfirlash rasmni qog’ozga tushirishda va matbaada qo’llaniladi.