ANDIJON BOLALAR VA YOSHLAR TEATRI
ANDIJON BOLALAR VA YOSHLAR TEATRI, Abbos Bakirov nomidagi Andijon davlat bolalar va yoshlar teatri — bolalar va yoshlar teatri. 1990 yil 1 dekabrda «Istiqbol» teatr-studiyasi asosida tashkil bo’lgan. «Temir xotin» (Sh. Boshbekov) spektakli bilan ochilgan. Teatrning asoschisi va badiiy rahbari Mannon Hamidov boshchiligida Q. Madaminov, M. Turg’unov, M. Madrahimova, T. Ro’zieva, M. Xoldorov, F. Mamasodiqova, adabiy emakdosh Ziyo Najmiy kabilar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. «Baloyi nafs» (M. Asadullayev), «Hazon bo’lgan gul» (X. Qozoqova), «Yaxshivoy va Yomonvoy» (B. Ixtiyorov), «Dilijon daydilari» (M. Hamid), «Mo’jizalar olami yoxud sano’i Nafisa» (Z. Najmiy) va boshqa teatrda sahnalashtirilgan dastlabki spektakllardir. «Sevgi afsonasi» (O. Xoldor), «To’ylar muborak» (O’. Hoshimov), «Afandining besh xotini» (I. Sodiqov) komediyalari, «Alvido bolalik» (T. Malik) fojiaviy dramasi, «Hayot eshik ortida» (S. Sirojiddinov) tragikomediyasi, shuningdek E. Sobirovning «Buqoqning ko’ngli» hajviy tomoshasi bilan teatr o’z mavqeini mustahkamlab oldi. Teatr o’z rejissurasida zamonaviylik va tomoshaviylikning o’ziga xos turmushbop uyg’unligini, sodda va ayni bir paytda noziq did bilan purma’no asarlar yaratish mahoratiga erishdi. «Nargis fojiasi», «Shayton ko’li yonida» (I. Yumagulov), «Kasotlar» (E. Sobirov), «Zanjirband she’r» (Z. Najmiy), «Qirol Lir» (U. Shekspir), «Bugunning Hamleti» (M. Hamid) singari spektakllar teatrning keyingi yillar ijod mahsulidir. Yoshlarni ma’naviy kamol topishida o’z hissalarini qo’shish, o’tmishimizning buyuk tarixini haqqoniy aks ettirish, milliy teatr an’analariga sodiq qolib, ustozlar yo’lidan borish teatrning asosiy maqsadidir. M. Ubaydullaeva, S. Ulug’ov, B. Mirzakarimova, Sh. Abdullayeva, V. Ro’zimatov, S. Boyxonboeva, N. Hakimov, M. Ibrohimova, V. Turdiyev, S. Mirzayev va boshqa teatrning yetakchi aktyorlaridir. Salohiddin Sirojiddinov.