Bilik
Bilik (turkcha)-1) qadimgi turkiy qavmlarda ilm, bilish, hikmatli so’z, dono maslahat ma’nosini anglatuvchi so’z. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarlarida ko’p qo’llanilgan; 2) Chingizxon hayot chog’ida aytgan va yozib qoldirilgan hikmatli so’zlar majmui. Bilik mo’g’ul xonlari o’rtasida zo’r e’tiborga ega bo’lgan va dars sifatida o’qitilgan. Xitoyda bir vaqtlar da’vogarlardan kimni taxtga o’tqazish masalasi o’rtaga qo’yilganda, Bilikni qay darajada bilishini sinab ko’rish lozim topilgan va Bilikni yaxshi bilganlardan biri taxtga o’tqazilgan. Bilikning bizgacha yetib kelgan dastlabki yig’indisi — “Mongol un-niucha tobchon” (Mo’g’ullarning sirli tarixi) 1240 yili tuzilgan bo’lib, mulk, oila-nikoh, jinoyat va jazo, ma’muriy hamda boshqa huquqiy me’yorlarni o’z ichiga olgan.