ANDIJON TIBBIYOT INSTITUTI
ANDIJON TIBBIYOT INSTITUTI — umumiy amaliyot vrachi va vrachpediatrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1955 yilda tashkil etilgan. Institutda davolash, pediatriya va vrachlar malakasini oshirish fakultetlari, 55 kafedra, oliy malakali hamshiralar tayyorlash bo’limi, tayyorlov bo’limi, litsey-internat, aspirantura va doktorantura, Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi, klinik laboratoriyalar, o’quv muzeylari, kutubxonalar (332 ming dan ziyod asar) mavjud. Institutda 2150 talaba o’qiydi; 375 o’qituvchi (49 fan doktori, professor, 184 fan nomzodi, dotsent) dars beradi; 4 O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (I.Yu. Ibodov, H.Q. Salohiddinov, G. F. Korotko, Syu. Tursunov) faoliyat ko’rsatadi. Institut tashkil topgandan buyon 22569 oliy ma’lumotli vrach, 107 fan doktori, 502 fan nomzodi tayyorlandi, 8800 oliy ma’lumotli vrach malakasini oshirdi (2000). Institut qoshida 1971 yilda professor Yu.O. Otabekov nomidagi klinik kasalxona (746 o’rinli) tashkil etilgan. Kasalxonada zamonaviy diagnostik va tibbiy apparaturalar bilan jihozlangan 41 ta bo’limda 1062 malakali mutaxassis va xodim mehnat qiladi (2000). Texnik axborot bilan ta’minlash bo’limida o’quvmetodik qo’llanmalar, ilmiy va ma’ruza matnlari to’plamlari chop etiladi. Institut «Tibbiyot gulshani» gazetasi nashriga ega. Institut negizida respublika limfologiya va vertebrologiya ilmiy markazlari, ichki kasalliklar bo’yicha ixtisoslashgan kengash tashkil etilgan. Institut 2000 yilda yangi binoga ko’chib o’tdi.