ANDHRA-PRADESH

ANDHRA-PRADESH — Hindiston shtati. Hindiston yarim oroli sharqida, Bengaliya qo’ltig’i sohilida, 1956 yil Telugu (Andhra) xalqi yashaydigan viloyatlardan tashkil qilingan. Maydoni 277 ming km2. Aholisi 66,4 million kishi (1991). Aholisining asosiy qismi hinduizm dinida; musulmonlar 10% chamasida. Ma’muriy markazi va eng yirik shahri — Haydarobod. Mamlakatning muhim dehqonchilik rayoni. Asosan dekan yassi tog’ligida joylashgan. Sohil qismi pasttekislik. Shimolda gat tog’lari tarmoqlari bor (balandligi 1680 metr). Iqlimi tropik mussonli. Yog’in asosan yozda yog’adi. Aholining 70% dan ko’prog’i dehqonchilik bilan mashg’ul. Yerlar mayda dehqonlar qo’lida. 10-11 million gektar yer (shtat maydonining 40% chasi) ishga solingan. Shundan 1/4 qismi sug’oriladi. Asosiy oziq-ovqat ekini — sholi. Shtat tamaki, kanakunjut yetishtirishda yetakchi o’rinda. Shuningdek shakarqamish, yer yong’oq, paxta va boshqalar ekiladi. Chorvachilik yordamchi ahamiyatga ega (qoramol, asosan otulov o’rnida ishlatiladi). Shtatning yer osti boyliklari anchagina bo’lsa ham, ko’p qismi ishga solinmagan. Vishakhapatnam shahri yaqinida marganes, Nelluru viloyati yaqinida slyuda, Singareni shahri yonida ko’mir qazib chiqariladi. Grafit konlari mavjud. Vishakhapatnamda kemasozlik korxonasi va neft zavodi, oziq-ovqat va to’qimachilik korxonalari, qog’oz fabrikasi, tsement zavodlari bor. Kimyo-farmasevtika preparatlari ishlab chiqariladi. O’rmon boyliklaridan foydalaniladi. Hunarmandchilik rivojlangan. Andhra-Pradeshda temir yo’l transporti yaxshi rivojlangan. Asosiy dengiz portlari — Vishakhapatnam (mamlakatning asosiy portlaridan biri), Kakinada, Machilipatnamdir.