Tohir Qahhor (1953)
Tohir Qahhor 1953 yil 9 mayda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1991). ToshDUning jurnalistika fakultetini bitirgan (1975).
Respublika radiosining adabiy-dramatik bo‘limida muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim (1979—1986), G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Shoirning dastlabki kitobi esa 1980 yilda «Oq o‘rik» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng uning «Oqayotgan daryo» (1982), «Osmon kimniki?» (1984), «Eshik taqil-layotir» (1984), «Kun ko‘zi» (1987), «Yulduzlar mening bog‘im» (1988), «Tog‘ning parvozi» (1990), «Otashgiyoh» (1992) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. «Hur Turkiston» (1994) maqolalar to‘plami ham bor.
Turkiyada nashr etilgan «Zamonaviy o‘zbek she’riyati» antologiyasi (1995, 3 jildli) tuzuvchilaridan biri.
Tohir Qahhor G. G. Markesning «Oshkora qotillik qissasi», N. Otsizning «Ko‘kbo‘rilarning o‘limi» (2001) romani, turk shoiri Ziyo Ko‘kalpning «Ergeno‘ko‘n» dostoni va qator she’rlarini, fors adabiyoti namoyandalari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallarini, arab adabiyoti vakillari Abu Tammom, Al-Maariy va boshqa ko‘plab Sharq va G‘arb adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ismoil Akaning «Amir Temur davri tarixi» (1996) kitobi ham Tohir Qahhor tarjimasida nashr bo‘lgan.