Ubaydulla Uvatov (1940-2020)
Ubaydulla Uvatov 1940 yil 23 fevralda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. 1958-1969 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini arab filologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Arab tili bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis sifatida Misr, Iroq, Liviya mamlakatlarida tarjimon bo‘lib ishlagan.
Ubaydulla Uvatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida bo‘lim mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, Amir Temur jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
U Toshkent islom universitetining Manbalar xazinasi bo‘limi mudiri, Imom Buxoriy xalqaro markazi rahbari hamda umrining oxiriga qadar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimlarida mehnat qilgan.
Olim Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muin Nasafiy, Amir Temur kabi siymolarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar, kitob va monografiyalar muallifidir. 200 dan oshiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar tayyorlagan. Uning rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Professor Ubaydulla Uvatov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni (2017) hamda “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” (2020) ordenlari bilan taqdirlangan.
2020 yil 3 noyabrda vafot etgan.