Mushrif

Mushrif (arabcha-boshqaruvchi)-1) somoniylar davrida saroy ish boshqaruvchisi (devoni Mushrif); 2) Bayhaqiyning ma’lumotiga ko’ra, g’aznaviylar davrida (XI asr); a) davlat nazoratchisidan tortib alohida idora yoki muassasani tekshiruvchi oddiy nazoratchigacha bo’lgan turli darajadagi rasmiy mansabdor shaxs. Uning vazifasi ish yuritishni kuzatib borish va turli xildagi suiiste’mollarning oldini olish bo’lgan; b) podshoh xonadoni a’zolari, amaldorlar va ayrim kishilarning orqasidan yashirin ravishda kuzatib yurish uchun tayinlangan maxfiy josus (xufiya) va xabarchi; 3) XII-XIII asrlarda Xorazmshohlar davlatida moliya-nazorat boshqarmasi (devon ul-ishraf)da xizmat qiluvchi amaldor; 4) XVI-XVII asrlarda Buxoro xonligida xazinadan beriladigan sovg’a-salomlarni ajratuvchi, hisobga oluvchi amaldor; 5) Mirza Bade’ Devonning “Majma al-arqom” asarida aytilishicha, Buxoro amirligida Mushrif: a) oliy davlat nazoratchisi (Mushrifi kalon); b) amirning shaxsiy kotibi; 6) XIX asrning 50-yillariga qadar Xiva xonligida mol, mahsulot (natura) bilan yig’iladigan soliqni boshqaruvchi amaldor.