Fayzi Shohismoil (1938-2015)
Fayzi Shohismoil 1938 yil 10 noyabrda Gurjistonning Axisxa tumanining Minadze qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolaligi Samarqand viloyati Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanida o‘tdi. So‘ngra Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida o‘sib ulg‘aydi. 1958-1961 yillar harbiy xizmatda bo‘ldi.
1961-1966 yillarda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Ilk bor jurnalistik faoliyatini universitet gazetasida boshlab, so‘ngra “Tong yulduzi” gazetasida muxbir, adabiy xodim vazifalarida davom ettirdi, keyinchalik “O‘zbekiston ovozi” gazetasida halqaro bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib lavozimlarida ishladi. 1976-1978 yillarda Moskvadagi Jamoat fanlari akademiyasida malakasini oshirdi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Vatandosh» radiostantsiyasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir, direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Shu davrda ijtimoiy-siyosiy mavzuda yuzlab ko‘rsatuvlar, siyosiy sharhlar tayyorladi.
Bolalar shoiri, xalqaro sharhlovchi, tarjimon sifatida tanildi. «Adashboy», «Irmoqlar», «Cho‘qqi bilan suhbat», «Bizning olam», «Yig‘loqi bulut», «Bahor qo‘shiqlari» she’riy to‘plamlari chop etildi. Bolalar va kattalar uchun o‘ndan ortiq she’r va g‘azallariga Sharif Ramazonov, Botir Umidjonov, Qahramon Komilov va Avaz Mansurov kabi taniqli bastakorlar kuylar bastalashgan. Kamoliddin Rahimov, Nuriddin Haydarov, Xursand Sherov, Malohat Dadaboyeva, G‘iyos Boytoyev va boshqa san’atkorlar uning ijod namunalarini jo‘shib kuylashgan.
Fayzi Shohismoil qardosh xalqlar va jahon adabiyotining sara asarlari Yusuf Vazir Chamanzaminlining “Ikki o‘t orasida”, Jubron Xalilning “Qayrilgan qanotlar”, Toriq Bug‘raning “Usmon G‘ozixon”, Bagrat Shinkubaning “Ketganlarning so‘ngisi”, Yasunari Kavabataning “Go‘zallikning kashf etilishi”, Gulshan Aliyeva-Kangarlining “Fuzuliyshunoslik tarixi va nazariyasi”, Aziz Nesin, Nabi Xazri, Madina Gulgun, Marvarid Dilbozi, Chingiz Ali o‘g‘li, J.Cheyz, S.Dovlatov, V.Zolotuxa, A.Barikko kabi mualliflarning roman, she’r, adabiy maqola hamda qissalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (2004 yil).
1997 yildan umrining so‘nggi 2015 yilgacha “Jahon adabiyoti” jurnalida mas’ul kotib lavozimida mehnat qilgan.