Xandaq

Xandaq — qadimgi va o’rta asrlarda shahar, qal’a, qo’rg’on va mudofaa istehkomlarini dushman hujumidan ehtiyot qilish maqsadida ularning tashqi devori yonidan gir aylanasiga qazilgan o’ra, chuqurlik. Odatda, tashqi devorni ko’tarishda loy Xandaq o’rnidan olingan. Xandaqning eni 5 -6 metrdan 30 — 40 metrgacha, chuqurligi 3 — 4 metr bo’lib, ichi aksariyat suv bilan to’lg’azilgan. Ba’zan Xandaq shoxshabba bilan ihota qilingan. Istehkomga kiradigan yo’lga osma ko’prik qurilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida qo’shin lashkargohga tushganda uning atrofi Xandaq bilan mustahkamlangan. Xandaqning soni dushman qo’shinining miqdoriga qarab 1 dan 6 tagacha bo’lgan. Ko’p vaziyatlarda Xandaqlar oldiga katta hajmdagi qalqonlar (chapar) qo’yilgan. Eski o’zbek tili manbalarida mo’ljar, chipjip, choh, o’r, o’rg’arim kabi atamalar Xandaqqa ma’nodosh sifatida qo’llangan.