Xususiy mulk

Xususiy mulk — ayrim kishilar yoki xonadonlar ixtiyoridagi mulk; bozor iqtisodiyotidagi xilma-xil mulklar orasida yetakchi mulk shakli. Xususiy mulkning ob’yekti moddiy va moliyaviy boyliklar, ish kuchi, intellektual mehnat mahsuli, yer, suv, yer osti boyliklari, korxonalar, xo’jaliklar, aktsiya va obligatsiyalar, pul mablag’lari, transport vositalari, turar joy, iste’mol tovarlari, mehnat qobiliyati, ishbilarmonlik mahorati, ilmiy kashfiyotlar, texnikaviy ixtirolar, san’at va adabiyot asarlari va boshqalar bo’lishi mumkin. Xususiy mulk sub’yekti unga egalik qiluvchi kishilar, ayrim shaxslar va xonadon ahli hisoblanadi. Xususiy mulk mulkchilikning eng ko’hna shakli, bundan bir necha ming yillar oldin qabila, urug’-aymoqlarning jamoa mulkidan o’sib chiqqan jamoa mulki ayrim kishilar qo’liga o’tib Xususiy mulkga aylangan. Xususiy mulk an’anaviy va bozor tizimida asosiy mulk hisoblangan. Rejali iqgisodiy tizim xususiy mulkni yo’qotib davlat mulkini o’rnatgan, iste’molga xizmat qiluvchi mulkni, jumladan uy-ro’zgor buyumlari va tomorqa xo’jaligini shaxsiy mulk, deb e’lon qilgan. Rejali tizimdan bozor iqgisodiyotiga qaytilgach, Xususiy mulk yangidan tiklanadi. Bunga quyidagi yo’l bilan erishiladi: 1) davlat mulki Xususiy mulkga aylantiriladi; 2) o’z mablag’i hisobidan xususiy mulkni yaratishga ruxsat beriladi; 3) jamoa (kolxoz) mulkidan xususiy mulk ajralib chiqadi; 4) shaxsiy mulk hisoblangan tomorqa va xonadon mol-mulkiga Xususiy mulk maqomi beriladi; 5) Xususiy mulk chet eldan kirib keladi, mavjud mulkchilik tizimiga qo’shiladi. Bozor iqtisodiyotiga xos mulkiy poliformizmni Xususiy mulk transformatsiyasi yuzaga keltiradi. Xususiy mulk o’z sohiblari ixtiyori bilan birlashganda jamoa mulki hosil bo’ladi. Xususiy mulk milliylashtirilganda u davlat mulkiga aylanadi. Xususiy mulk bozor iqtisodiyotining tayanchi sifatida bir qator belgilar bilan tavsiflanadi: Xususiy mulk iqtisodiy resurslar, yaratilgan mahsulot va xizmatlarni, umuman boylikni yakka tartibda ayrim kishilar yoki oilalar tomonidan o’zlashtirilishini ta’minlaydi. Xususiy mulk sohiblari turli toifadagi kishilar, chunonchi tadbirkorlar, ishchilar, xizmatchilar, dehqonlar, yer egalari va rantelar bo’lishi mumkin. Xususiy mulk o’z egasiga iqtisodiy hokimiyat beradi, ya’ni uni boshqarish funktsiyasi bilan ta’minlaydi. Mulk ob’yektini mulkdorning o’zi yoki uning nomidan menejerlar boshqaradi. Xususiy mulk o’z sohibiga naf keltirishi shart. Xususiy mulk o’z soxibiga iqtisodiy mustaqillik beradi, ya’ni mulk sohibi uni o’z bilganicha ishlatadi. Mulk egasi muqobil iqtisodiy tanlov qoidasiga binoan, nima ish qilishini belgilab oladi, u mulkini biznesga qo’yadi, sotadi, garovga beradi yoki merosga qoldiradi. Xususiy mulk iqtisodiy ro’yobga chiqishi — o’z egasiga mulkiy daromad keltirishi yoki uning iste’mol ehtiyojini qondirishi kerak. Davlat qabul qilgan qonunlar va yozilmagan qoidalar, ya’ni shakllangan an’analar va mulkiy udumlar Xususiy mulkga egalik qilishni, mulkiy huquqni ta’minlaydi. O’zbekistonda Xususiy mulk daxlsizligi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mulk to’g’risidagi qonunlarda e’tirof etilgan. O’zbekistonda Xususiy mulk davlat mulkini xususiylashtirish, uni hosil etishga ruxsat berilishi natijasida yuzaga keldi va xususiy korxonalar, fermer va dehqon xo’jaliklari, xususiy banklar, tomorqa, xonadondagi molmulk va pul jamg’armalari, qimmatli qog’ozlar Xususiy mulk ob’yektiga aylandi. Xususiy mulk, uni iqtisodiy ro’yobga chiqarish usuli jihatidan 2 turga bo’linadi; 1) ayrim kishilarga qarashli bo’lgan tanho individual Xususiy mulk. Bu mulkka egalik mulkdorning o’zining faoliyati orqali yuz beradi, yakka tartibda egasi tomonidan boshqariladi, u keltirgan daromad ulushlarga ajralmagan holda to’la-to’kis egasiga tegadi; 2) korporativ, guruhiy Xususiy mulk. Bu ulushbay, sherikchilikka asoslangan mulk bulib, aktsiyadorlik jamiyatiga xos. Uning egalari aktsiyadorlar hisoblanadi, ularning mulkiy ulushi qo’lidagi aktsiyalar qiymati bilan o’lchanadi. Xususiy mulkning bu turida mulkning iqtisodiy ro’yobga chiqishi alohida emas, balki mulkdorlar guruhi doirasida yuz beradi. Bu mulkni aktsiyadorlarning o’zlari emas, balki yollangan menejerlar boshqaradi, undan kelgan daromad aktsiyadorlar o’rtasida ulushbaychilik qoidasiga binoan taqsimlanib dividend shakliga kiradi. Mayda Xususiy mulk individual bulsa, yirik Xususiy mulk korporativ Xususiy mulk tavsifiga ega. Xususiy mulk amal qilishi jihatidan 2 xil bo’ladi: birinchisi biznesga xizmat qiluvchi mulk bo’lib kapital sifatida harakatda bo’ladi va egasiga fonda keltiradi; ikkinchisi iste’molga xizmat qiluvchi mulk bo’lib, xonadonda ishlatiladi. Bu mulk iste’mol buyumlar va pul mablag’idan iborat, xonadonning tirikchilik ehtiyojlarini qondiradi. Xususiy mulkning iqtisodiyotdagi roli xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi va xususiy molmulkning milliy boylikdagi hissasiga bog’liq. Xususiy mulk davlat mulkini xususiylashtirish va mulkdorlar topgan daromadning jamg’arilib, mulk ob’yektini kengaytirish yo’li bilan ko’payadi. Xususiy mulk bozor tizimida ustuvor bo’lsada, boshqa mulk shakllarini inkor etmaydi, ular bilan yonma-yon amal qiladi, mulkiy poliformizm ta’minlanadi. Ahmadjon O’lmasov.